O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

2018-06-28 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 

O‘zbekistonda oilani rivojlantirishga global darajada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida qaraladi. 

Shu bilan birga, ushbu sohada davlat siyosatini muvaffaqiyatli olib borishni to‘xtatib turuvchi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga va belgilangan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda. Chunonchi: 

birinchidan, tegishli idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, oilani rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor hamkorligi past darajada; 

ikkinchidan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ixtisosligi tor, hozirgi hayot voqeligidan uzilib qolgan, ilmiy tadqiqotlar natijalari amaliyotga sust joriy etilmoqda; 

uchinchidan, oilaning demografik rivojlanishida o‘zgarishlar yuz bermoqda, oila ajralishlari soni o‘smoqda, mazkur sohada salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmayapti; 

to‘rtinchidan, oilada, ta’lim muassasalarida madaniy-tarixiy meros salohiyatidan sust foydalanilmoqda, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar ta’sirining oldini olish borasidagi ishlar samarasiz; 

beshinchidan, oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal emas, huquqni qo‘llash amaliyotini va ilg‘or xorij amaliyotini o‘rganish asosida oilani himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emas; 

oltinchidan, mutaxassislar yetishmaydi va kadrlar malakasi past darajada, ta’lim tizimida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha o‘quv dasturlari mukammal emas. 

Oila institutini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini hamda faol rolini ta’minlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5325-son Farmoniga muvofiq: 

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilansin: 

oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish; 

zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish; 

demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish; 

oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash; 

oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish. 

3. Quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar sifatli hamda to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda “Oila” markazi deb yuritiladi): 

Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi hamda tizimli monitoringi, ularning ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berilishini ta’minlasin; 

Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq ko‘rsatkich va natijalarni ko‘rsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilishi choralarini ko‘rsin; 

zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy ekspertlarni Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb qilsin. 

5. “Oila” markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi A/RES/47/237-son rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro oila kunini respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

“Oila” markazi respublikada 2019 yilda va keyingi yillarda Xalqaro oila kunini nishonlash to‘g‘risidagi Hukumat farmoyishi loyihasini 2018 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda muntazam ravishda sport va madaniy tadbirlarni tashkil qilsin hamda ularni Xalqaro oila kuni arafasida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratsin. 

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad, vazifalari va Konsepsiyaning amalga oshirilishini yoritib borish bo‘yicha maqolalar e’lon qilinishini va mavzuga oid ko‘rsatuvlar efirga uzatilishini tashkil qilsin. 

8. “Oila” markazi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.G.Toshmuhamedova zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                     SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 27-iyun

Поделиться