O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda valyuta siyosatini liberallashtirish: natija va istiqbollar
2018-06-26 | Jamiyat
2018 yil 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan Bank-moliya akademiyasi binosida “Valyuta siyosatini liberallashtirishning O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholi turmush tarziga ta’siri: yutuqlar va muammolar” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil etildi.
Konferentsiyada mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillari, iqtisodchi olimlar, mutaxassislar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bilan yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlari ta’minlandi, milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlariga asoslanish yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida, valyuta bozori faoliyatini erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar pul-kredit siyosati mexanizmlarini yangi sharoitlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, pul-kredit siyosatining makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutaning mustahkamligini ta’minlashdagi rolini kuchaytirish bo‘yicha bir qator ishlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, mamlakatimizda ichki narxlar barqarorligini samarali ta’minlash maqsadida o‘rta muddatli istiqbolda rivojlangan xorijiy mamlakatlar markaziy banklari tomonidan keng qo‘llaniladigan inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Konferentsiyada so‘zga chiqqanlar iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish, xususan, tovar va xizmatlar bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish, ishlab chiqarishda tannarx xarajatlarini pasaytirish, korxonalarga soliq yukini optimallashtirish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar turlarini kamaytirish kabi vazifalarni samarali hal etish zarurligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bu, o‘z navbatida, inflyatsiya darajasiga nomonetar omillar ta’sirini kamaytirishga va ayni paytda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalar chog‘ida bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini doimiy tahlil qilish tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, zarur oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa iste’mol tovarlari bilan mavsumga qarab ta’minlash ishlari to‘g‘ri tashkillashtirilmagani va Ichki iste’mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilmagani kabi omillar hisobiga narxlarning asossiz ravishda oshayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, umumiqtisodiy, soliq-byudjet va pul-kredit siyosatining o‘zaro muvozanatlashgan tarzda olib borilishi uchun mutasaddi vazirlik va idoralarning faoliyatini yanada muvofiqlashtirish mexanizmini ishlab chiqish tavsiya etildi.
Bunda o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqilishi makroiqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish va uning muvozanatli rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan, ushbu iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligi belgilab berildi.
Shu bilan birga, tashqi savdo sharoitlarini erkinlashtirilishi va qo‘shni mamlakatlar bilan savdo va iqtisodiy munosabatlarni yaxshilanib borishini inobatga olib, mamlakatimizda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish strategiyasini ishlab chiqish, bunda asosiy e’tiborni, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda eng salohiyatli sohalarga qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Konferentsiya yakunida amaldagi qonun hujjatlariga moliya bozorini rivojlantirish, mikromoliyalash mexanizmlarini joriy qilish hamda tijorat banklari tomonidan imtiyozli shartlar asosida kredit resurslari ajratish, davlat qisqa muddatli qimmatli qog‘ozlarini chiqarish, respublikamizda ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lmagan xom-ashyo resuslarinigina import asosida yetkazib berish tizimini tatbiq etish bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tavsiyalarni amaliyotga joriy qilish chora-tadbirlari belgilandi.