O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oltinga teng urug‘larni chetdan olib kelinishiga barham berish vaqti keldi!

2018-06-25 | Jamiyat

Serquyosh yurtimizda yetishtirilgan sabzavotlaru mevalarning dong‘i butun dunyoga taralgan. Hatto, yurtimizda yetishtirilgan urug‘lardan olingan sabzavot va poliz ekinlarining mazasi ham, sifati ham yuqoriligi isbotlangan fakt. Zaminimizda yetishtirilgan urug‘larning unib chiqish energiyasi yuqoriligi bilan ajralib turishi ilmiy asoslangan aksiomadir. Shunday ekan, bugungi kunda nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, balki urug‘larni eksport qilish hajmini keskin oshirish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi.

Chetdan deyarli urug‘ olib kelinmagan yurtimiz keyingi yigirma yillar ichida butkul import urug‘lariga tobe bo‘lib qolgani sir emas. O‘zimizda yillar davomida yetishtirilib kelingan shirador, sersuv, mazali sabzavot va poliz ekinlarimizni bugungi kunda bozorlarda uchratish amrimahol bo‘lib qolmoqda. Peshtaxtalarda aksariyati xorijiy mamlakatlardan olib kelingan urug‘lardan yetishtirilgan sabzavotlar bo‘lib, ularning sifati, mazasi bir masala bo‘lsa, respublikamizning urug‘ importiga tobe bo‘lib qolgani yana bir katta muammo. O‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘la turib, tom ma’noda oltinga teng urug‘larni xorijdan olib kelinishi nainki bemaza urug‘ning ko‘payishiga (yana tom ma’noda!), balki iste’molchilarga yetkazib beriladigan mahsulotlarning qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda. Bir tomondan yurtimizdan valyuta chetga oqib ketayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan peshona teri bilan topgan pulimizni qimmat, ammo sifatsiz sabzavotlarga sarflashga majburmiz.

Davlat xavfsizligi darajasidagi mazkur muammoni hal qilish, bu kamchiliklarga barham berish yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazida qishloq xo‘jaligining muhim sohasi bo‘lgan sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Innovatsion rivojlanish vazirligining mutasaddi rahbarlari va mutaxassislari, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” DUK va uning hududiy boshqarmalari bo‘lim boshliqlari, mutaxassislari, soha olimlari, seleksioner va urug‘chilar, respublikada sabzavot urug‘chiligi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar, firmalar rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Mo‘min Tolibov yig‘ilish ishtirokchilarini bugungi kunda vazirlik va markazningsohani rivojlantirishga qaratilgan ishlari bilan tanishtirdi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining sifatli urug‘larini yetishtirish, jamg‘arish, saqlash, qayta ishlash, dorilash, qadoqlash, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish va eksport qilish jarayonlarini o‘z ichiga olgan urug‘chilik klasterlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilganligi va birinchi bosqichda Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida urug‘chilik klasterlarini tashkil etish belgilanganligi haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilishda sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligining bugungi kundagi holati, mavjud muammolari, jumladan, urug‘larning sifati pastligi, urug‘ yetishtiruvchi ilmiy tadqiqot institutlar va urug‘chilik fermer xo‘jaliklarning moddiy-texnika bazasi ma’nan eskirganligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, mamlakatda yetishtirilayotgan urug‘larning ekin turlari, navlari va miqdori bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasi yo‘qligi haqida fikr va mulohazalar qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan respublikada sabzavot va poliz ekinlari urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qadoqlash, sotish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish, urug‘larni tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar bo‘yicha ishlab chiqish, urug‘chilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, urug‘chilik bo‘yicha xalqaro organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish kabi takliflar muhokama etildi.

Yig‘ilish yakunida respublikada qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchilarning ishini muvofiqlashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida “O‘zbekurug‘lari” assotsiatsiyasini tashkil etish taklifi kiritildi va bu borada kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mazkur assotsiatsiya urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, urug‘ ishlab chiqaruvchi agrofirmalar, sabzavot va poliz ekinlari yetishtiruvchi fermerlar, urug‘ eksporti va importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni birlashtiruvchi, ularning hamkorlikdagi faoliyatini ta’minlovchi platforma bo‘lishi kutilmoqda.Zero, urug‘chilik – bu har qanday mamlakatning strategik yo‘nalishidir!

Поделиться