Namanganda O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining “Open Air – Oltin Vodiy” – ochiq osmon ostida konsert dasturi namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan konsert dasturi “Uch favvora” xiyobonida namoyish etildi.
Oqshom chiroqlaridan ertaklardagidek joziba va fusunkorlik kasb etgan xiyobon keng mumtoz musiqa va qo‘shiq kechasi salobatiga mos kiyingan, surat va siyratidan sehrli musiqa olami bilan uyg‘unlashib ketishga tayyor viloyat ahli, keng jamoatchilik, faxriylar va yoshlar bilan gavjum. Tabiat ham shunday farahbaxsh oqshomga monand salqin epkinlari bilan vujudga va ruhga halovat bag‘ishlaydi. Barcha bir mo‘jiza kutayotgandek yoqimli sabrsizlik bilan ochiq sahna tomondan ko‘z uzolmay o‘tiribdi.
Ha, namanganlik san’at muxlislari uchun chindan-da bu umidvorlikni o‘n chandon oqlaydigan mo‘jiza yuz berdi.
– Toshkentda tashkil qilingan “Open Air” birinchi simfoniyasi sabab an’anaga aylangan bu konsert tomoshabinlarga turli musiqiy uslublar ohanglaridan bahramand bo‘lish va tabiat hamda san’at uyg‘unligini his qilish imkonini beradi, – deydi loyiha menejeri Dilbar Bobojonova. – Uni o‘tkazishdan maqsad, mumtoz navolar va jonli ijro ixlosmandlari doirasini kengaytirish, jahon va milliy mumtoz qo‘shiqlar durdonalarini targ‘ib etishdir. “Open Air” konserti – bu taniqli xonandalar bilan uchrashuv va yangi iste’dodlar bilan tanishuvdir. Bu shou tomoshabinlar uchun mumtoz musiqiy asarlar, mashhur romantik ohanglar va opera musiqalari, filmlarga ishlangan saundtreklar, raqsbop kompozitsiyalarning original ishlanmasi, yumorga boy chiqishlar, kutilmagan sovg‘alar va hokazolarni o‘zida mujassam etgan.
Mazkur loyiha poytaxtda o‘z e’tirofini topgach, tashkilotchilar tomonidan uning geografik qamrovini kengaytirishga qaror qilindi. “Open Air – Oltin Vodiy” – bu Farg‘ona vodiysida o‘tkaziladigan qator konsert dasturlaridir. Loyiha vodiyning eng go‘zal shaharlari bo‘ylab haqiqiy sayohatni o‘z ichiga oladi, mahalliy tomoshabinlar O‘zbekiston milliy simfonik orkestri repertuari, taniqli va yosh xonandalar san’atidan bahramand bo‘ladi. Konsert dasturlari ular o‘tkaziladigan mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Ochiq osmon ostidagi konsertdaO‘zbekiston milliy simfonik orkestrining yetuk san’atkorlari va iqtidorli yoshlar tomonidan P.Chaykovskiyning “Oqqush ko‘li” baleti, Motsartning “Sehrli fleyta” operasi, E.Solihovning “Umid” operasidan musiqalar, “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman”, “Chinor ostidagi duel” kabi mashhur kinofilmlardan saundtreklar, turk seriallari musiqalaridan popurilar (“Muhtasham yuz yil”, “Toygar”, “Ichkarida”), Botir Zokirov va Muslim Magomayev repertuaridan qo‘shiqlar, Sh.Ramazonovning “Namanganning olmasi” ashulasi, Andijon polkasi va Xorazmcha lazgi kabi xalq raqslari, ko‘plab boshqa mumtoz asarlar yuksak mahorat bilan ijro etildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov, iste’dodli xonandalar Xurshid Inog‘omov, Shirin Mamatova, Akilbek Piyazov, Damir Rahmonov, Milena Madmusayeva, Alimbay Karimbayev, Abdulla Shirinov va “GRAND VOICE” guruhlarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Akramjon Sattorov, O‘zA