O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Moldova vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2018-06-18 | Siyosat
2018-yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Kishinyov shahrida bo‘lib o‘tgan TIV rahbarlari o‘rinbosarlari darajasidagi O‘zbekiston-Moldova siyosiy maslahatlashuvlarida ishtirok etdi.
Moldova Respublikasi Tashqi ishlar va Yevropa bilan integratsiya vazirligi davlat kotibi Tatyana Molchan boshchiligidagi Moldova delegatsiyasi bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlar, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlik kabi yo‘nalishlardagi aloqalarning muhim masalalari batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida so‘nggi yillarda asosan BMT Bosh Assambleyasi kun tartibi bilan cheklanib qolgan O‘zbekiston va Moldova o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo, qishloq xo‘jaligi, turizm sohasidagi kooperatsiya hamda ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik almashinuvni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston-Moldova Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish masalasi ko‘tarildi. Ushbu shakldagi so‘nggi uchrashuv 16 yil oldin Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston va Moldova tashqi siyosat idoralari delegatsiyalari tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
* * *
Shu kunning o‘zida Kishinyov shahrida O‘zbekiston va Moldova TIV vakillarining alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama aloqalarning shartnomaviy-huquqiy bazasi inventarizatsiya qilindi, yaqin istiqbolda kelishish va imzolanishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston-Moldova hujjatlari loyihalari yuzasidan fikr almashildi.