O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligi va hokimiyat huzuridagi jamoatchilik kengashi “Top-500” forumi o‘tkazilishini ma’lum qiladi
2018-06-13 | Jamiyat
Joriy yilning 12 iyun kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimligi va hokimiyat huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan davlat hokimiyati va xususiy sektorni o‘zaro yaqinlashtirish va ular o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Top-500” forumi o‘tkazilishini ma’lum qiladi. 2018 yilning 18 iyun kuni 19:00da Toshkent Botanika bog‘ida o‘tkaziladigan mazkur anjumanda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan elchilar, elchixonalarning savdo masalalari bo‘yicha maslahatchilari va biznes sohasi vakillari ishtirok etadi.
Poytaxtimizda Toshkent shahri hokimligi, investorlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchli hamda ochiq munosabat o‘rnatilishi shahrimiz taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqadi. “Top-500” forumi esa bu boradagi ilk qadam qo‘yilganligining amaliy isboti sifatida tashkil etilmoqda. Tadbirdan Toshkent shahar hokimi, hokimiyat huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi hamda biznes sohasi vakillarining ochiq, oshkora hamda o‘zaro ishonchli munosabatlarning o‘rnatilishi va rivojlantirilishiga bag‘ishlangan ma’ruzalari o‘rin olgan. Ushbu nufuzli anjuman samarasi o‘laroq poytaxtimizda tadbirkorlarning “Top-500” hamjamiyati tashkil etiladi. Bu bilan esa yaqin kelajakda Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida har tomonlama yetakchi o‘ringa chiqishi ta’minlanadi.
Toshkent shahar hokimligi investorlar va tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro ishonchli, manfaatli va amaliy muloqot o‘rnatilishi va rivojlantirilishining tarafdoridir. Tadbirning maqsadi esa ana shu muhim aloqani yo‘lga qo‘yish va taraqqiy ettirishga qaratilgan. Sir emaski, ayrim hollarda bu boradagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ayrim muammo va kamchiliklar kuzatiladi. Shu nuqtai nazarda Toshkent shahar hokimligi mutasaddi tashkilotlar, xususan, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura va soliq organlari, davlat sanitariya-epidemiologiya markazi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar bilan biznes subyektlari o‘rtasida doimiy huquqiy axborot va maslahat maydonini tashkil etishni ko‘zda tutgan. Poytaxt tadbirkorlari ishtirokida “Top-500” hamjamiyatining tashkil etilishi esa shahrimizning faol investitsion muhitni ko‘rsatib berishga xizmat qiladi. Anjumanda Toshkent shahar hokimi bu yo‘nalishdagi istiqbolli munosabatlarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini belgilab olishga muhim asos bo‘lib xizmat qiluvchi poytaxtimizning SWOT (kuchli taraflar, kamchiliklar, imkoniyatlar va xavflar) bo‘yicha tahlilini ham ma’lum qiladi. Xususan, forum davomida hokimlik va biznes vakillarining sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, GCHP, texnoparklarni rivojlantirish, qurilish, tijorat, uy-joy xo‘jaligi, tovar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish, promenadlar yaratish, chakana va savdo, HoReCa (mehmonxona, restoran, kafelar) kabi qator yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik qilishga oid investitsion salohiyati ko‘rsatib, tahlil qilib beriladi. Bu esa poytaxtimizning megapolisga aylanishi shu bilan uy-joylariga aholi, turistlar va shahrimiz mehmonlari uchun eng maqbul shahar darajasiga ko‘tarilishiga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Toshkent shahar hokimligi sohadagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlar va investorlar uchun samarali va o‘zaro manfaatli muhitni yaratish hamda bu orqali mazkur yo‘nalishda yuqori natijalarga erishish, korporativ menejmentni rivojlantirish, shahar aholisining mutasaddi tashkilotlardan rozi bo‘lishi uchun muhim bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi. Tadbirning yana bir amaliy jihati, unda hokimlikning bu boradagi aniq maqsad va rejalar ham ma’lum qilinishi ko‘zda tutilganligidir.
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi o‘z yo‘nalishidagi mutlaqo yangi tuzilmadir. Shu jihatdan forumda uning raisi Hikmat Abdurahmonov mazkur tuzilma faoliyati, aniqrog‘i tashkil etilishining maqsadi, tuzilishi, tarkibi haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tadi.
Investorlar, yurtimiz va xorijda samarali faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning egalari, top-menejerlari, opion yetakchilari, biznes va investitsiya yo‘nalishidagi ekspertlar tadbirning asosiy ishtirokchilari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shu jihatdan mazkur o‘z yo‘nalishidagi yangi va har jihatdan samarali bo‘lgan forum ya’ni muloqotda ishtirok etish uchun
200 00 99 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Tadbirga, shuningdek, xalqaro kompaniyalar, davlat tuzilmalari, diplomatik korpus vakillari, OAV xodimlari,jurnalistlar, blogerlar ham taklif etiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘yicha
Xusniddin Ergashev +998 97 701 46 81 mamur_parmonov@mail.ru
Nigora Akilova +998 93 384 19 75 ibnigora@gmail.com