O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qaydetish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2018-06-12 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 

O‘tgan davr mobaynida tug‘ilish, o‘lim, nikoh tuzish va nikohdan ajralish kabi muhim voqea va faktlarni qayd etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi o‘rinlarda FHDYO deb yuritiladi) organlari tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil va tizimli ish olib borildi. 

Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning holati aholiga har tomonlama va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha samarali mexanizmlar yaratilishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar borligidan dalolat bermoqda. Xususan: 

birinchidan, FHDYO organlarining maqomini, vazifa va vakolatlarini belgilab beradigan maxsus qonun mavjud emas, shuningdek, mazkur sohadagi vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa va funksiyalari aniq chegaralanmagan; 

ikkinchidan, FHDYO organlari faoliyatiga zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning past darajadaligi, qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgan andozalari asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolarning ko‘p vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga, oqibatda, ayrim hollarda korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda; 

uchinchidan, FHDYO organlari va ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, vasiylik va homiylik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi idoralararo elektron hamkorlikning yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi tug‘ilish va o‘limni so‘zsiz va o‘z vaqtida qayd qilish, shuningdek, tegishli qayd etilmasdan nikoh tuzilishi va ajralishlarning oldini olish bo‘yicha samarali monitoringni ta’minlamayapti; 

to‘rtinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va tezkorligi, FHDYO organlari xodimlari tomonidan o‘z funksional vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat qilishning samarali mexanizmi, ayniqsa, masofadan nazorat qilish shakllantirilmagan, ular faoliyatini baholashning shaffof tizimi mavjud emas; 

beshinchidan, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha davlat xizmatlarini joylarga chiqib ko‘rsatishning keng va tizimli amaliyoti yo‘qligi, olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlardan FHDYO organlariga borish uchun transport xarajatlarining yuqoriligi, aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyati darajasining yetarli emasligi tug‘ilgan bolalarni tug‘ilish holatining tegishli qayd etilmasdan qolishi xavfini yuzaga keltirmoqda, bu esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilab qo‘yilgan bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini amalga oshirishga, jumladan, bepul tibbiy yordam va ta’lim olishiga ta’sir o‘tkazishi mumkin. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda FHDYO organlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida: 

1. Quyidagilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish institutini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

birinchi – vakolatli organlarda tug‘ilish, o‘lim, nikoh tuzish va nikohdan ajralish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish kabi voqea hamda faktlarni keng qamrovli qayd etish yo‘li bilan fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilishni ta’minlash; 

ikkinchi – eng muhim yuridik faktlarni qayd etmasdan qoldirish oqibatlariga alohida e’tibor qaratgan holda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga va jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish; 

uchinchi – FHDYO organlarining oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oila ajralishlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarda faol ishtirok etish; 

to‘rtinchi – FHDYO organlari faoliyatida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini yengillashtirishga, jumladan, vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga bormasdan xizmatlar ko‘rsatilishiga, xizmatlarning sifati va tezkorligini oshirishga, eksterritoriallik prinsipi asosida arxiv ma’lumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi fuqarolik holati yagona elektron arxivini shakllantirishga qaratilgan innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish; 

beshinchi – fuqarolik holati yuridik faktlarini aniqlash va ularni o‘z vaqtida qayd etish borasida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishni amalga oshiruvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, vasiylik va homiylik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish; 

oltinchi – mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish orqali, jumladan, olis joylardagi aholi punktlariga chiqqan holda (“mobil davlat xizmatlari”) davlat xizmatlari ko‘rsatishning maqbul va qulay uslublarini ishlatish; 

yettinchi – FHDYO organlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qulaylikni va shaffoflikni ta’minlash, xodimlar tomonidan kasb etikasi qoidalari va funksional vazifalarga amal qilish, fuqarolik holati dalolatnomalarini sifatli va tezkor qayd etish, davlat boji va boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va undirilishi ustidan nazoratning yangi shakllarini, jumladan, masofaviy nazoratni joriy etish; 

sakkizinchi – aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishni nazarda tutgan holda davlat boji stavkalarini, gerb yig‘imlarini va FHDYO organlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmat tariflarini optimallashtirish. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5415-son Farmoniga asosan 2018-yil 1-iyuldan boshlab FHDYO organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, FHDYOning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYO organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

3. Majburiyatlarni muvofiq taqsimlash va javobgarlik sohalariga asosan: 

tumanlar (shaharlar) hokimlari FHDYO bo‘limlari va nikoh uylari (keyingi o‘rinlarda – FHDYO bo‘limlari) faoliyati, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi; 

tumanlar (shaharlar) hokimlarining o‘rinbosarlari – tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari raislari oilani mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida qayd etish, targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishga shaxsan mas’ul hisoblanadi; 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining direktori FHDYO bo‘limlarida huquqni qo‘llash amaliyotini samarali muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimini texnik ta’minlash va yuritish, shuningdek, FHDYO arxivlariga rahbarlik qilishga mas’ul hisoblanadi; 

tumanlar (shaharlar) FHDYO bo‘limlari mudirlari qayd qilinayotgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining qonuniyligi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi. 

4. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

5. 2018-yilning 1-iyulidan: 

nikoh shartnomasini va aliment to‘lash haqida kelishuvni notarial tasdiqlaganlik; 

sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi, shuningdek, tug‘ilgan vaqti faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rganlik uchun davlat boji undirilishi bekor qilinsin. 

6. FHDYO organlarini, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarini va fuqarolar yig‘inlarini qat’iy hisobda turuvchi gerbli guvohnomalar blankalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ta’minlashning amaldagi tartibi saqlab qolinsin. 

7. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yilning 1-iyulidan boshlab: 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining maxsus g‘aznachilik hisobvarag‘iga gerb yig‘imidan tushadigan mablag‘larning 40 foizi, shuningdek, FHDYO bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus tashkil qilinadigan g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi va faqat FHDYO bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tadbirlari, xodimlarining uzoq muddat xizmat qilgani uchun ish haqiga ustama haq to‘lash va martaba darajalari uchun qo‘shimchalariga, shuningdek, ularni moddiy rag‘batlantirishga (lavozim maoshining va mukofotlarning 100 foizi miqdorigacha shaxsiy ustamalar) ishlatiladi; 

maxsus tashkil qilinadigan g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga yo‘naltirilgan mablag‘lardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda: 

2019-yilning 1-yanvaridan boshlab FHDYO organlari bilan tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tug‘ilish va o‘lim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron ma’lumotnoma berishning yagona tartibini joriy qilsin; 

2019-yil 1-yanvarga qadar fertil yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilishni ta’minlasin. 

9. Maxfiy. 

10. Belgilansinki: 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2018-yil 1-iyulga qadar FHDYO bo‘limlari tomonidan foydalanilayotgan bino va inshootlar qismini hamda ularga tegishli jihozlar, inventarlar, hujjatlar va boshqa mulklarning belgilangan tartibda tumanlar (shaharlar) hokimliklariga berilishini ta’minlaydi; 

FHDYO organlari tomonidan foydalanilayotgan bino va inshootlarning bir qismi o‘z maqsadlarida foydalanish uchun adliya organlarida saqlanib qolinadi; 

tumanlar (shaharlar) hokimiyatlariga berilgan FHDYO bo‘limlarining bino va inshootlaridan keyinchalik boshqa maqsadlarda foydalanish hamda ularni begonalashtirishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishilgan holda ruxsat beriladi. 

11. Qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash va keyinchalik ularni FHDYO organlarida qayd etilishini ta’minlash bo‘yicha tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda hududiy komissiyalar tashkil etilsin. 

Hududiy komissiyalar: 

2019-yilning 1-iyuliga qadar qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash nuqtai nazaridan to‘liq xatlovdan o‘tkazsin, uning natijasida tug‘ilganlik, o‘lim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq manzilli qayd etilishini ta’minlasin; 

o‘z faoliyatida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud bo‘lmagan bolalarni aniqlashga alohida e’tibor qilsin, bunda “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas” va “Tug‘ilganlikni qayd etilishi – bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligini oldini olishning huquqiy asosidir” degan ezgu g‘oyalarga amal qilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi: 

keyinchalik “Yagona elektron FHDYO arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish uchun FHDYO organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazilishini, yagona elektron FHDYO arxiv fondi shakllantirishni 2022-yil 1- yanvarga qadar tugatsin; 

dalolatnomalar yozuvlari ma’lumotlarini “Yagona elektron FHDYO arxivi” axborot tizimiga kiritish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun yuridik shaxslar bilan pudrat shartnomalarini tuzsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018-yilning 1-sentyabridan davlat boji, gerb yig‘imlari va boshqa to‘lovlarni to‘lashda elektron to‘lovlar (billing) mexanizmni to‘laqonli joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 

2019-yilning 1-yanvaridan bola tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilishini amaliyotga joriy etsin. 

13. 2021- yilning 1-iyuliga qadar muddatda fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish, idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan skaner qilish qurilmalari, server va boshqa jihozlar hamda ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni tasdiqlash haqida qaror qabul qilsin: 

FHDYO organlari hamda FHDYO bo‘limlari xodimlarining martaba darajalari to‘g‘risidagi nizomlar; 

FHDYO bo‘limlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar va tarif koeffitsiyentlari; 

FHDYO bo‘limlarining martaba darajalariga ega bo‘lgan xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun beriladigan har oylik ustama haq miqdorlari; 

martaba darajalari uchun sudlar va adliya organlari xodimlarining lavozim maoshlariga qo‘shiladigan qo‘shimcha haq miqdorlari. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K.Davletov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                          SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 12-iyun

Поделиться