“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning tannarxini arzonlashtirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirish istagida bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi U.Salimov tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi va samarali texnologiyalarni joriy etish muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda avtosanoat rivojlana boshlagan dastlabki yillarda 4 mahalliy ta’minotchi korxona tomonidan 12 xil butlovchi qism ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirga kelib mahalliy ta’minotchilarning soni 100 dan oshdi. Ular tomonidan 2,5 mingdan ortiq turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.
– Ayni paytda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatida import hajmi 5 foizni tashkil etadigan bo‘lsa, bu yil so‘ngiga qadar 480 detalni mahalliylashtirib, importni 10 foizga qisqartiramiz, – dedi U.Salimov. – Bunga import hajmi va tuzilmasini tizimli ravishda tahlil qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonini chuqurlashtirish, mamlakatimizda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish orqali erishamiz.
Tadbirda sohaga doir me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davron Sunnatov, O‘zA