O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zaro ishonch va manfaatdorlik – mushtarak yutuqlar asosi

2018-06-12 | ShHT

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-10-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisida ishtirok etdi.

Sammit doirasida 9-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari bir qator ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, kun tartibidagi eng dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qildilar.
 
Sammitning asosiy tadbirlari 10-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Dastlab SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tor doirada uchrashdilar.
 
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin raisligida o‘tgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.
 
Majlisda SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish, iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish, innovatsiya va yuqori texnologiyalar hamda transport-kommunikatsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
 
Davlat rahbarlari Xitoy SHHTga raislik doirasida samarali va muvaffaqiyatli ish yuritgani, so‘nggi bir yilda a’zo davlatlarning turli vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida 100 dan ziyod anjuman tashkil etilgani, bu tadbirlarda muhim natijalarga erishilganini ta’kidladilar.
 
Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi, muloqot bo‘yicha sherik maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.
 
Majlisda SHHTni rivojlantirishning istiqboldagi yo‘nalishlari, muhim mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi. Iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari hamda ko‘p tomonlama kooperatsiyaning boshqa jihatlari muhokama qilindi.
 
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
 
Sammitda davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norovni SHHT Bosh kotibi, Tojikiston vakili Jumaxon G‘iyosovni SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimiga tasdiqladilar.
 
Sammit yakunlari bo‘yicha Sindao deklaratsiyasi qabul qilindi.
 
Davlat rahbarlari, shuningdek, Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi, jami 17 hujjatni imzoladilar.
 
O‘zbekiston Prezidentining taklifiga muvofiq, SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilingani sammitning yana bir ahamiyatli voqeasi bo‘ldi.
 
Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tdi.
 
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda SHHTning Sindao sammiti samarali o‘tgani, imzolangan hujjatlar tashkilotni yanada rivojlantirish, mintaqa mamlakatlari va xalqlarini jipslashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
 
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zaro ishonch va manfaatdorlik – mushtarak yutuqlar asosi” shiori ostida o‘tgan Sindao sammiti SHHT faoliyatida yanada yangi imkoniyatlar ochdi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT sammiti doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi.
 
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ushbu davlat bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.
 
Bir yilda o‘zaro 70 delegatsiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o‘tkazilgani aloqalarning bugungi sur’ati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o‘sdi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
O‘tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin munosabatlar yangi sur’at kasb etdi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o‘tishda “yashil yo‘lak” tashkil etilgani natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foiz oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Vladimir Putin.
 
Muloqotda tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
 
Xitoy rahbari XXR O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.
 
Prezidentimiz XXR Shanxay hamkorlik tashkilotiga muvaffaqiyatli raislik qilgani va Sindao sammiti yuksak saviyada o‘tayotgani munosabati bilan Xitoy rahbarini tabrikladi.
 
O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha muhim sohalarini qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etdi.
 
Uchrashuvda iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHTning Sindao sammiti doirasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi.
 
Davlatimiz rahbari Hindiston xalqini ushbu mamlakat Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘la huquqli a’zo bo‘lgani, N.Modini SHHT davlat rahbarlari uchrashuvida yangi maqomda qatnashayotgani munosabati bilan qutladi.
 
Shavkat Mirziyoyev mazkur uchrashuv avval erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidladi.
 
Narendra Modi O‘zbekiston Hindistonning SHHTga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu O‘zbekiston bilan hamkorlikni ham o‘zaro, ham mintaqaviy miqyosda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini qayd etdi.
 
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, turizm kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi.
 
Shavkat Mirziyoyev Mamnun Husaynni Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgani bilan tabriklab, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
 
Uchrashuvda savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan muzokara o‘tkazdi.
 
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston xalqi qardosh va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik barqaror bo‘lishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
 
Joriy yil Toshkentda o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyadan keyin butun dunyoda yurtingizda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yo‘li – muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun qulay fursatdir, dedi Prezidentimiz.
 
Ashraf G‘ani ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda izchil faollashayotganini qayd etdi.
 
O‘zbekistonga tashrifim doirasida erishilgan kelishuvlar qisqa muddatlarda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha yirik anjuman o‘tkazganingiz uchun xalqimiz va hukumatimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu masalaga shaxsan e’tiboringiz siyosiy yechimlarga yo‘l ochdi, dedi Afg‘oniston Prezidenti.
 
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad xonimni qabul qildi.
 
Davlatimiz rahbari keyingi ikki yilda O‘zbekiston – BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini ta’kidladi. BMTning nufuzli delegatsiyalari mamlakatimizga muntazam tashrif buyurayotgani, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
 
Amina Muhammad O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga olar ekan, mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Toshkentda o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini tortgani qayd etildi.
 
Muloqotda BMT delegatsiyalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Поделиться