O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi va faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani
2018-06-11 | Jamiyat
O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida “Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi va foliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Hozirda fondga “Payme”, “Click” va “M-bank” elektron to‘lov tizimlari orqali mablag‘larni jalb etishga mo‘ljallangan xizmatlar ishga tushirildi. Berilgan ko‘rsatmalarga asosida Toshkent shahridagi 12 ta yirik masjid va “Zangiota” ziyoratgohi hududiga “Kapitalbank”, “Ipotekabank” va “Ipak yo‘li bank”larining infokiosklari o‘rnatildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi nizomidan kelib chiqib, jamg‘armaga tushgan mablag‘larni maqsadli sarflash bo‘yicha asosiy sarf-xarajat yo‘nalishlari ishlab chiqildi (bu haqda fond tarqatma materialida ko‘rsatilgan).
Nuriymon Abulhasan, O‘zbekison Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari:
– Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaga doir farmonning qabul qilinishi va shu asosda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi fikrimiz isbotidir. Shuni qayd etish kerakki, bu amalga oshirilayotgan ishlar farmonda belgilangan vazifalarning boshlanishi. Hali oldinda ko‘plab yirik loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Birgina ushbu fondning tashkil etilishi aholiga katta qulaylik yaratadi. Ya’ni, innovatsion texnalogiyalar sohaga joriy qilindi. Avvallari fuqarolarimiz diniy majburiyatlarni bajarish chog‘ida ko‘plab tushunmovchiliklarga duch kelgan. Misol uchun, zakot berishni olaylik. Ular kimga va qanday tartibda zakot berish lozimligini bilmagan. Hozirda esa bu muammolarni bartaraf etish uchun fond tashkil etildi. Aholi qulay elektron tizimi orqali ham zakot va ehsonlarini ko‘rsatilgan hisob raqamlariga yuborishi va bu bilan masjid, ziyoratgoh, diniy ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘plab boshqa ezgu maqsadlarga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Fondga naqd pul, plastik kartalari va elektron to‘lov tizimlari orqali tushayotgan mablag‘lar maxsus dastur yordamida yagona serverda to‘planib, tahlil qilinadi. Fondning alohida hisob raqamida to‘plangan mablag‘larning maqsadli sarflanishida shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham taqdim etib boriladi.
Jaloliddin Hamroqulov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi:
– Aziz yurtdoshlar, ushbu qutlug‘ damlar saxovat, xayr-ehsonning ayni fursati. Ramazon oyida har bir amalning savobi 700 barobar ziyoda qilib berilishi hadisi shariflarda kelgan. Shuning uchun mamlakatimizda dinimizning ustunlaridan biri bo‘lmish zakot ibodatini yilda bir bor Muborak Ramazon oyida ado etishadi. Zero, Zakot: poklik va baraka demakdir.
Ko‘ngillarga mehr ulashib, o‘z mablag‘larini dinimiz manbalarida belgilangan tartibda ezgu ishlarga yetkazishni istagan mo‘min-musulmonlar, elektron to‘lov tizimi orqali zakot, xayriya va boshqa alohida to‘lovlarni mana bu hisob raqamlariga o‘tkazishi mumkin.