“Yosh kitobxon” tanlovini doimiy tashkil etish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh kitobxon” tanlovini doimiy tashkil etish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida yurtimiz yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovlari ijobiy baholanib, ushbu loyihalarni o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish belgilangan.
Tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan iborat.
Joriy yilgi tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga murojaat qilib, o‘zi haqidagi tegishli ma’lumotlarni berishi mumkin. Unda yoshlar o‘zlari yashayotgan yoki o‘qiyotgan (ishlayotgan) muassasasi joylashgan hududdan ishtirok etadi.
Bu yilgi tanlovda kitobxonlar uchta yosh toifasi bo‘yicha – 10 yoshdan 14 yoshgacha, 15 yoshdan 19 yoshgacha, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan alohida tartibda bellashadi.
O‘tgan mavsumda 720 mingdan ortiq yosh ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan. Bu yurtimizda kitobxonlik madaniyatining yuksalib borayotganining belgisidir.
Bu yilda o‘tkaziladigan tanlov davomida allomalar merosini chuqur o‘rganish maqsadida alohida nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Tanlovni Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy, Berdaq singari buyuk mutafakkirlar ijodi va faoliyati, jahon adabiyotining durdona asarlari, shuningdek, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” kabi xalq dostonlari bo‘yicha o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Barno Meliqulova, O‘zA