O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2018-05-04 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda charm xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy ishlab chiqarilgan sifatli va arzon poyabzal hamda charm-attorlik mahsulotlari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. 

Qabul qilingan chora-tadbirlarning amalda ro‘yobga chiqarilishi natijasida 2012-2017 yillar mobaynida terini qayta ishlash, charm va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravardan ortiq o‘sdi, terini qayta ishlash va unga ishlov berishning zamonaviy texnologiyalari joriy etilmoqda, ishlab chiqarilayotgan poyabzal mahsulotlari turlari kengaymoqda. 

Shu bilan birga, charm-poyabzal sohasini boshqarishning shakllangan tizimi ushbu sohada respublikamizning mavjud zaxiralari va salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini ta’minlash imkonini bermayapti. 

Yirik va mayda shoxli mollar terisini, shuningdek, mo‘yna xom ashyosi va junni tayyorlashning bozor mexanizmlari hamda ularni saqlashning zamonaviy texnologiyalari sekinlik bilan joriy etilmoqda. Teri xom ashyosini qayta ishlash darajasi past bo‘lib qolmoqda, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor charm mahsulotlar ulushi yuqori bo‘lib qilmoqda. Charm-poyabzal tovarlarining bir qator yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning model poyabzali va charm kiyimlari, zamonaviy charm buyumlar va aksessuarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga e’tibor qaratilmayapti. 

Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy uslublari va innovatsion yondashuvlariga o‘qitish, ishlab chiqarishda yuqori sifatga erishish uchun xorijiy mutaxassislarni, jumladan, texnolog va dizaynerlarni jalb etish ishlari sust tashkil qilingan. 

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini diversifikatsiyalash va eksport qilinadigan tovarlarni kengaytirish asosida ularning jadal rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida: 

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi a’zolarining jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun va qorako‘ldan buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ishtirokidagi umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq: 

a) “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi uning tarkibiga charm, mo‘yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda kirgan holda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb yuritiladi) etib qayta tashkil etildi; 

b) Uyushma “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi; 

v) quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi: 

Uyushma a’zolari – tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga chorva mollarini so‘yish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonning barcha bosqichlarida ko‘maklashish; 

korxonalarda ilg‘or texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni rag‘batlantirish, Uyushma a’zolari – tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama ko‘maklashish; 

talabi yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun shart-sharoitlar yaratish; 

ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, mo‘yna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish; 

charm-poyabzal, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash bo‘yicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish; 

malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, ta’lim va fanning o‘zaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish; 

Uyushma a’zolari – tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rishda himoya qilish. 

2. Belgilansinki, Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiradi. 

3. Quyidagilar: 

“O‘zcharmsanoat” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi hamda uning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 54 birlikdan iborat ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq; 

boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 4 birlikdan iborat “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hududiy bo‘limining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin. 

Ma’lumot uchun qabul qilinsinki: 

Uyushma raisi zarurat bo‘lganda Uyushma a’zolari umumiy yig‘ilishi bilan kelishilgan holda ijro etuvchi apparat va hududiy bo‘limlar tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqiga ega; 

Uyushmani saqlash va faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga kiradigan tashkilotlarning ixtiyoriy ajratmalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. 

4. 2018-yil 1-iyundan yirik va mayda shoxli mollar, teri, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yuridik shaxslarga sotishda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish bo‘yicha talab bekor qilinsin. 

5. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-avgustdan: 

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali charmni (TIF TN bo‘yicha 4104-4107, 4112 00 000 0 – 4114 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi va Uyushma bilan kelishilgan holda narx ekspertizasi va laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazgan holda amalga oshiriladi; 

charmni laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan akkreditatsiya qilingan organlar tomonidan amalga oshiriladi; 

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni (TIF TN bo‘yicha 4104, 4105, 41062 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. 

Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga narx ekspertizasi 

va laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazishni nazarda tutgan holda Charmni olib chiqishga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritsin. 

6. Uyushma, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining “O‘zcharmsanoat” uyushmasining charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy manbalari etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin: 

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni (TIF TN bo‘yicha 4104, 4105, 41062 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘imdan tushadigan barcha mablag‘lar; 

Uyushma a’zolari – tashkilotlarning, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari; 

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari; 

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan daromadlari; 

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

7. Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar uchun foydalaniladi: 

yarim tayyor charmdan – tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikliga ixtisoslashadigan tashkilotlarni keyinchalik qaytarish sharti bilan mablag‘ ajratish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash; 

tijorat banklarining charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan kreditlari bo‘yicha kafilliklar berish; 

korxonalarda ISO:9001 sifat menejmenti tizimini va boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish; 

kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish, jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda o‘qishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish; 

Uyushma a’zolari – tashkilotlarning xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishdagi xarajatlarini qoplash; 

Uyushmaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Uyushma ijro etuvchi apparati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, Uyushmaning xorijiy vakolatxonalarini saqlash va xorijiy maslahatchilar xarajatlarini qoplash; 

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa maqsadlar. 

Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘arma daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyixasini kiritsin, unda har yili daromadlar va xarajatlar smetasi tasdiqlanishini, shuningdek, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan Uyushma a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan, yarim tayyor charmni eksport qilishda undiriladigan yig‘im mablag‘laridan foydalanish qismi bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan nazorat olib borilishini nazarda tutsin. 

8. Belgilansinki, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni hisoblashda yuridik va jismoniy shaxslarning soliq solinadigan bazasi Jamg‘armaga kiritilgan ixtiyoriy ajratmalar miqdoriga kamaytiriladi. 

9. Uyushma a’zolari – tashkilotlarga 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatda quyidagi ko‘rinishdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berilsin: 

foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etish; 

belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan, Uyushma a’zolari – tashkilotlar tomonidan o‘z ishlab chiqarishida foydalaniladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etish; 

yuqoridagi tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga kiritilmagan, o‘z ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashni 60 kunga qadar muddatga kechiktirish. 

10. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur qarorning 9-bandida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar faqat quyidagilarga nisbatan qo‘llaniladi: 

zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan chorva mollarini so‘yish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga; 

charm, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yig‘ish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga, keyinchalik ushbu xom ashyo qayta ishlash (ishlatish) uchun faqat Uyushmaga a’zolari – tashkilotlarga sotilganida hamda yalpi tushumning umumiy hajmida ushbu turdagi faoliyatdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri natijalari bo‘yicha kamida 80 foizni tashkil qilganda; 

charm, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni qayta ishlash, shuningdek, butlovchi buyumlar, furnitura, sun’iy charm, charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘ynachilik, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni amalga oshiradigan tashkilotlarga, agar yalpi tushumning umumiy hajmida ushbu turdagi faoliyatdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri natijalari bo‘yicha kamida 60 foizni tashkil qilsa. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Uyushma hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarni qo‘llash tartibini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin. 

11. Uyushma a’zolari umumiy yig‘ilishining “O‘zcharmimpeks” unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda – “O‘zcharmimpeks” UK) tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin: 

reklama tadbirlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek, Uyushma a’zolari – tashkilotlarga marketing, axborot va konsalting xizmatlari ko‘rsatish hisobiga charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘ynachilik, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan mahsulotlar eksportini tashkil etish; 

charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘ynachilik, qorako‘l mahsulotlari 

va jundan ishlangan mahsulotlarni komissiya shartnomalari bo‘yicha va xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan eksport shartnomalari asosida, shuningdek, xorijda tashkil etiladigan savdo uylari orqali eksport qilish; 

tarmoq tashkilotlariga texnologik asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallar, aksessuarlar, furnitura, poyabzal qoliplari va boshqa buyumlar yetkazishda, jumladan, import qilishda ko‘maklashish. 

“O‘zcharmimpeks” UKga nisbatan mazkur qarorda nazarda tutilgan, Uyushma a’zolari – tashkilotlarga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar tatbiq etilsin. 

12. Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur sohadagi ilg‘or tajribani va maqsadli eksport bozorlarining talablarini hisobga olgan holda tayyor charm-poyabzal, mo‘ynachilik va qorako‘l mahsulotlarini markirovka qilish tizimini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

13. Tijorat banklariga zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualar bilan jihozlangan chorva mollarini so‘yish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish, shuningdek, tayyorlov tashkilotlariga charm, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yig‘ish va tayyorlash uchun qulay foiz stavkalari bo‘yicha kredit mablag‘larini ajratish tavsiya etilsin. 

14. Maxfiy. 

15. Uyushma ikki hafta muddatda “Charm va poyabzal dizayni markazi” shu’ba korxonasi faoliyatini tanqidiy baholash asosida uning ish samaradorligini oshirish, eng avvalo, moda industriyasidagi o‘zgarishlarga tez ta’sir choralarini ko‘rish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy moda uylari, mo‘ynachilik auksionlari va poyabzal, charm-attorlik, mo‘ynachilik, qorako‘l mahsulotlari va jundan ishlangan buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan qator mahsulot modellari dizaynini yaxshilash va turlarini kengaytirish uchun xorijiy modelyerlar, dizaynerlar va feshn-ekspertlarni jalb etish masalalari bo‘yicha aniq choralar ko‘rsin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Uyushmaning buyurtmalari bo‘yicha Uyushma taklif etayotgan xorijiy mutaxassislar 

va ko‘rgazmalarning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin, haqiqiy xarajatlarni qoplash yig‘imlari bundan mustasno. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Uyushmaning buyurtmalari bo‘yicha Uyushmaga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishi, berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha propiska qilinishi, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinishi va ularning uzaytirilishini ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Uyushmaning buyurtmalari bo‘yicha Uyushmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun respublikaga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilishini (uzaytirilishini) ta’minlasin. 

17. Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga: 

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tuzilmasida Charm-poyabzal sohasi muhandis-texnik xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazini tashkil etish; 

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Charm va mo‘ynadan ishlangan mahsulotlar texnologiyasi va ularni yaratish”, “Texnologiyalar va uskunalar: charm va mo‘yna, qorako‘l”, “Texnologiyalar va uskunalar: poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash; 

charm-poyabzal, mo‘ynachilik, qorako‘lchilik tarmoqlari sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mavjud kasb-hunar kollejlarini qayta ixtisoslashtirish va yangi yo‘nalishlarni ochish orqali hududiy ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarini tashkil qilish; 

o‘quvchilarning o‘qish mobaynida olingan amaliy va nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun o‘quv amaliyoti dasturlariga muvofiq Uyushma a’zolari – tashkilotlarda majburiy stajirovka o‘tash amaliyotini joriy etish; 

ta’lim muassasalarida sohaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan maxsus fanlar hamda charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmoqlarining dolzarb masalalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishni, ma’ruzalar o‘qishni (jumladan soatbay to‘lov shartlarida) joriy etish yuzasidan takliflar kiritsin. 

18. Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin. 

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 3-may

Поделиться