O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tafakkur sinovlari tanlovining saralash bosqichlari yakunlandi
2018-05-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyulda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-son Farmoni, shuningdek Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2018 yilda Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha-chora-tadbirlar dasturi” ijrosini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni O‘zbekistonda siyosiy, huquqiy sohalarida amalga oshirilgan islohotlar, o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlar bo‘yicha tarix, siyosiy-huquqiy bilimlari darajasini aniqlash, nazariy bilimlarini hayotga tatbiq etish uchun imkoniyat yaratish maqsadida “Tafakkur sinovlari” Respublika tanlovining 2018 yilgi mavsum bellashuvlarining saralash bosqichlari yakunlandi.
Tanlov 20 ta guruhga bo‘lingan holda tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning 25 aprel kuniga qadar davom etdi. Saralash bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Qoraqalpoq davlat universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Buxoro davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Andijon davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Termiz davlat universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Jizzax davlat pedagogika institutining jamoalarini keyingi bosqichga yo‘llanma olganliklari munosabati bilan tashkilotchilar nomida tabriklaymiz.
Joriy yil may oyida o‘tkaziladigan hududiy bosqichlarda barchalariga omad tilaymiz. Ishonamiz talabalarimiz tomonidan namoyish etilayotgan chiqishlar jo‘shqin, navqiron, go‘zal hamda suyukli Ona Vatanimizni jadal rivojlanishiga o‘zining ozgina bo‘lsa ham hissasini qo‘shadi va yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lib yetishishdek muqaddas burchimizni sidqidildan his etishga chaqiradi. Barcha yoshlarimizni may oyida o‘tkaziladigan Vatanparvarlar bayramiga aylanib ulgurgan “Tafakkur sinovlari” tanlovining hududiy bosqichlarida faol ishtirok etishga chorlaymiz.