O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya hukumati o‘rtasida "Mehnat-migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida" Shartnoma imzolandi
2018-05-02 | Jamiyat
Turkiya Respublikasi Prezidenti R.Erdug‘anning 2018 yil 30 aprel-1 may kunlari O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davomida "Mehnat-migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida" Bitim imzolandi.
Ushbu bitim O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi fuqarolari bo‘lgan mehnat-migrantlari va ularning oila a’zolari hamda Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi fuqarolari bo‘lgan mehnat-migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi. Ushbu Shartnomaning bajarilishiga mas’ul:
O‘zbekiston Respublikasidan – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi;
Turkiya Respublikasidan – Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi va Ichki ishlar vazirligi.
Ushbu Bitimga muvofiq mehnat-migrantlarini qabul qiluvchi davlatning hududida ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq ishlashi mumkin.
Shuningdek, tomonlar o‘z mamlakatlaridagi migratsiya oqimlarini tartibga solishda yordam berishadi va o‘z mamlakatlarida noqonuniy mehnat migratsiyasini to‘xtatish uchun hamkorlik qilishadi.