O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Urush qatnashchilari moddiy rag‘batlantirilmoqda
2018-05-02 | Siyosat
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga kommunal xizmatlar to‘lovini amalga oshirish uchun bir million so‘mdan pul mablag‘i taqdim qildi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas!” shiori ostidagi bayram tadbirlari nafaqat poytaxtimizda, balki respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Namangan va Andijon viloyatlarida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov boshchiligidagi faollar Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Yangiqo‘rg‘on tumani “Salmon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Topil ota Madrahimovning xonadoniga tashrif buyurdilar. Nuroniy otaxonning holidan xabar olinib, u bilan dildan suhbatlashildi. Federatsiya tomonidan Topil otaga kommunal xizmatlar to‘lovini amalga oshirish uchun bir million so‘m miqdorida pul mablag‘i va bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Federatsiya a’zolari Andijon viloyati Asaka tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mo‘ydinjon ota Yusupov va Oltinko‘l tumani “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xo‘jamberdi ota Turg‘unovning xonadonlariga ham tashrif buyurib, ularning holidan xabar oldi.
Federatsiya mablag‘lari hisobidan urush qatnashchilarining har biriga kommunal xizmatlar to‘lovini amalga oshirish uchun bir million so‘m miqdorida pul mablag‘lari ajratildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA