O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya sportining rivojlanish tendensiyalari
2018-04-30 | Sport
Osiyo va Yevropa qit’alarining ko‘prigi hisoblangan Turkiya mamlakati o‘zining uzoq yillik tarixi va har bir sohada jadal rivojlanishi bilan ajralib turadi.
Har bir soha singari sport yo‘nalishi ham rivojlanish bosqichida. Mamlakatda bugungi kunda sport kurashlari, taekvondo, qishki sport turlari, tennis, futbol, basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika singari sport turlari aholi o‘rtasida ommalashgan. Turkiyalik sportchilar Yevropa va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida doimo kuchli raqobat tug‘diradi.
Barcha turklar sportni juda yaxshi ko‘radi va sportchilarni hurmat qiladilar. Turklar uchun eng mashhur sport turi – bu futbol. «Galatasaroy» va «Fenerbaxche» mahalliy futbol klublari ko‘plab muxlislarga ega. Bu o‘lkada futbol musobaqalariga befarq bo‘lmagan turk bilan uchrashish qiyin.
Terma jamoa va klublarning har bir o‘yinini futbol muxlislari o‘tkazib yubormaydi. Ayniqsa, Istanbul shahri sharafini himoya qiladigan "Galatasaroy" jamoasi ishtirokidagi musobaqalarda futbol maydonlari muxlislar oqimi bilan to‘lib toshadi.
1905 yilda tashkil topgan "Galatasaroy" futbol klubi bugungi kunga qadar superliga musobaqasida 20 marotaba chempion bo‘lgan bo‘lsa, kubok o‘yinlarida 17 marotaba bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Turkiya Superkubogida esa 15 marotaba shohsupaga ko‘tarilgan.
"Galatasaroy" klubi xalqaro maydonlarda ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Jamoa bugunga qadar Yevropa chempionlar ligasida bir marotaba yarim final va to‘rt marotaba chorak finalga qadar yetib borgan. UYEFA Kubogi va Superkubok musobaqalarida bir martadan g‘olib bo‘lgan.
Turkiya qizlarining eng sevimli sport turi bu tennisdir. U yerda mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar va imkoniyatlar mavjuddir. Bu imkoniyatdan unimli foydalanayotgan tennis federatsiyasi yil davomida ITF, WTA, ATP musobaqalarini munosib tarzda o‘tkazib keladi.
Buning natijasida tennis ham yoshlar o‘rtasida ommalashib bormoqda. Turkiya tennis tarixida o‘chmas iz qoldirayotgan 28 yoshli tennischi Chagla Buyukakchay hozirgi kunda yuqori marralarni zabt etayotir.
U professional tennisda 2007 yildan beri nufuzli musobaqalarda to‘qqiz marotaba bosh sovrinni qo‘lga kiritgan va hozirda ham u o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda.
Turkiya va O‘zbekiston tennis federatsiyalari so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikni a’lo darajada olib bormoqda. Har ikki mamlakat o‘z davlatlarida o‘tkazilayotgan tennis musobaqalarida sportchilarga qulay imkoniyat yaratib bermoqda.
Futbol va tennisdan tashqari, turklar jangovar sport turlari, ayniqsa, kurashni juda yaxshi ko‘radi. Turklar jismoniy tarbiya va sportni o‘zgacha kayfiyatda o‘tkazadi. Kimdir dengiz qirg‘oqlari atrofida yugursa, kimdir uzoq masofaga suzadi. Yana kimdir esa sohilda voleybol o‘ynaydi. Qisqa qilib aytganda, Turkiya aholisi biroz vaqt topganida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA