O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatlarimiz hamkorligi izchil rivojlanmoqda
2018-04-28 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, general-leytenant Qamar Jovid Bajva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandan so‘ng ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Irfon Yusuf Shomiy O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Avvalambor, menga shunday imkoniyat yaratilgani uchun tashakkur bildiraman. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv g‘oyat sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori cho‘qqiga olib chiqishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi»ni belgilab oldik.
Muloqot davomida jahonda kechayotgan global jarayonlar hamda dolzarb mintaqaviy masalalar yuzasidan O‘zbekiston va Pokistonning qarashlari mushtarak ekani namoyon bo‘ldi. Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat, O‘zbekistonning ushbu yurtda tinchlik o‘rnatishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etildi. Pokiston bundan bir oy oldin O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ilgari surilgan hayotiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Delegatsiyamiz O‘zbekistonda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar, mamlakatingiz yuritayotgan ichki va tashqi siyosat, qo‘shni davlatlar bilan olib borilayotgan keng qamrovli muloqotlardan nihoyatda katta taassurot bilan qaytmoqda. Bugungi uchrashuv natijalari o‘zaro munosabatlarimizni yanada yuqori bosqichga olib chiqishiga ishonamiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslari, qo‘shni davlatlarda ham tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.