O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Turkmaniston ishbilarmonlari istiqbolli kelishuvlarni imzoladi
2018-04-24 | Jamiyat
Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat vazirliklari, savdo-sanoat, investitsiya va boshqa tadbirkorlik sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston – Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishidagi aloqalarni kelgusida yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi O‘.Gurbannazarov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida manfaatli hamkorlik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarida savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hamkorlik asosiy o‘rin tutadi. Bu hukumatlararo bitimlarda ham o‘z aksini topgan.
Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida savdo aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi va kengayishini qo‘llab-quvvatlash, yangi qo‘shma korxonalar sonini hamda manfaatli mahsulot aylanmasini oshirishga xizmat qiladi.
Ishbilarmonlar uchrashuvi chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Turkmaniston ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mamlakatda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar samaradorligini yuqori baholadi.
– To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz eksport hududini kengaytirish, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish maqsadida Toshkentga keldik, – deydi “Ipak yo‘li xaridlari” kompaniyasi bosh menejeri Pavel Annaberdiyev. – Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va biznes-forum faoliyatimizni yanada kengaytirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonga tashrifimiz biz uchun yaxshi samara berishiga ishonamiz.
2017 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar aylanmasi 177,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bugun O‘zbekistonda turkmanistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 11 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular savdo va xizmat ko‘rsatish, to‘qimachilik sanoati, mebel ishlab chiqarish kabi sohalarni qamrab olgan.
Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va biznes-forumda neft-gaz, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat ishlab chiqarish, to‘qimachilik kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishilib, 250 million AQSH dollari qiymatidagi shartnomalar imzolandi. Bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Ulug‘bek Asrorov, O‘zA