O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maqsad – jinoyatchilikning oldini olish
2018-04-18 | Jamiyat
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi islohotlar: muammo va yechimlar» mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi islohotlarning bugungi holati, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda mahalla va Yoshlar ittifoqining roli va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Anjumanda huquqbuzarliklar profilaktikasi tuzilmalari faoliyatida «Xavfsiz shahar» dasturiy kompleksi imkoniyatlaridan foydalanishning ahamiyati va bu borada innovatsion texnologiyalarni joriy etishning istiqbollari, huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etish borasidagi ilmiy-tadqiqot natijalarini ichki ishlar organlari faoliyatiga tatbiq etish hamda uning istiqbollari kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda qonunchilikni takomillashtirish, ichki ishlar organlarining mahalliy davlat va boshqaruv organlari, huquq-tartibot idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligining amaliy mexanizmini joriy etish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA