Surxondaryo viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi xodimlari kasb bayrami arafasida barcha qulayliklarga ega yangi binoda ish boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari, nuroniylar, mahalla faollari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz uy-joy kommunal sohasida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar ko‘p xonadonli uylar bilan bog‘liq muhim ijtimoiy masalalarni hal etish, odamlarning munosib turmush kechirishini ta’minlashda yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 18-apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjat bilan ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan samarali foydalanish bo‘yicha kompleks yondashuv shakllantirilib, aholiga kafolatlangan sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan 18-aprel – O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilangani ham ushbu tarmoqqa qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatida 100 ga yaqin xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 1 ming 170 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur uylardagi 24 ming 752 xonadonda 96 ming 720 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning turmush sharoitini yanada yaxshilash, uy-joylarni ta’mirlash, ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik tizimlarini shay holatga keltirish, ko‘p xonadonli uylar yonida bolalar maydonchalari, gulzorlar barpo etish, atrofini obodonlashtirish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatdagi 526 ko‘p xonadonli uy tubdan ta’mirlanadi. Buning uchun 58,3 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. 84 bolalar maydonchasi qurilib, 7 ming 789 pogon-metr irrigatsiya tarmog‘i bunyod etiladi. 23 ming 487 kvadrat-metr yo‘laklarga beton qoplamasi yotqiziladi. 397 tashqi yoritish tizimi o‘rnatiladi.
Yilning o‘tgan davrida 115 uyning tom qismi mukammal, 62 uyning tom qismi joriy ta’mirlandi. Ko‘p qavatli uylarning old qismidagi 10 ming 975 kvadrat-metr yo‘lakka beton qoplamasi yotqizildi. 541 elektr shitlari, 2088 pogon-metr irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlandi. 47 tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. 165 uyning fasad qismi ta’mirlanib, bo‘yaldi. Ko‘p qavatli uylar atrofidagi 361 noqonuniy qurilmalar buzildi.
Bayram arafasida foydalanishga topshirilgan ikki qavatli keng zamonaviy binoda mutaxassislar uchun barcha sharoit yaratilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu voha hududidagi uy-joy fondini boshqarish, ko‘p xonadonli uylarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarida duch kelinayotgan muammolarni bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur binoda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi uchun ham alohida xonalar ajratilib, jihozlandi. Yaratilgan bu qulaylikdan mahalla ahli juda mamnun.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA