O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiylarimiz Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashadi
2018-04-17 | Jamiyat
Joriy yilning aprelidan sentyabr oyiga qadar MDHga a’zo mamlakatlar armiyalari o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazish rejalashtirilgan, deb xabar beradi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Mazkur nufuzli bellashuv harbiy-amaliy sportning 7 turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Shu yil sentyabr oyida yurtimizda ilk bor qo‘l jangi bo‘yicha armiya chempionati bo‘lib o‘tadi. Aprel va oktyabr oylarida Rossiya Federatsiyasida “Qo‘mondonlar starti” musobaqasi, belgilangan manzilni topish va tog‘ uchkurashi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Harbiy-sport ko‘pkurash musobaqalari iyun oyida Belarusda, ofitserlar o‘rtasidagi uchkurash hamda shtatli quroldan otish musobaqalari avgust oyida Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.
Mazkur bellashuvlar uchun ishtirokchilarni saralash maqsadida joriy yil yanvar oyidan boshlab O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida chempionatlar o‘tkazilmoqda.
Yaqinda Samarqand shahrida joylashgan Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazida harbiy-sport ko‘p kurashi bo‘yicha Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy qism va muassasalardan qariyb 30 ga yaqin jamoa ishtirok etdi. Qatnashchilar 100 va 3000 metr masofaga yugurish, turnikda tortilish, to‘siqlardan o‘tish kabi shartlar bo‘yicha yakka va jamoaviy bahslarda o‘z mahoratini sinab ko‘rdi. G‘oliblardan Mudofaa vazirligi terma jamoasi tuzildi.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlarining xalqaro musobaqalarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, endi ular ushbu bahslarda bevosita bellashadi. Podpolkovnik Bahodir To‘xtanazarov va podpolkovnik Zokir Xaziyev, mayor Madiyor Saidov va mayor Sherzod Rashidov, kapitanlar Avaz Usmonov, Baxtiyor Madaminov, Odilbek Yuldoshev va Husniddin Elmurodov “Qo‘mondonlar starti”da qatnashish uchun Rossiyaga jo‘nab ketdi.