O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro amaliyotda keng tarqalgan inflyatsion kutilmani o‘rganib borish amaliyotini joriy etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar qiladi.
Inflyatsion kutilmani o‘rganib borish xalqaro amaliyotda keng tarqalgan bo‘lib, markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda keng foydalaniladi.
Inflyatsion kutilma – bu aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan kelgusida iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydalanilishi ko‘zda tutilayotgan inflyatsiya darajasi to‘g‘risidagi taxminlardir.
Iqtisodiyotda ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar o‘zlarining kelajakdagi moliyaviy rejalarini shakllantirish, mahsulotlarga narx belgilashda inflyatsion kutilmalardan kelib chiqadilar va bu narxlar shakllanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, iqtisodiyotda inflyatsion kutilmani baholash, unga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash hamda ularning asosiz o‘sishining oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan 2018 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida muntazam ravishda yagona savolnoma asosida so‘rovlar o‘tkazib borish amaliyoti joriy etildi.
Mazkur so‘rovlar joriy yilning yanvar, fevral va mart oylarida yuzma-yuz savol javob tarzida amalga oshirildi va kelgusida ushbu amaliyot har oyda o‘tkazib boriladi.
So‘rovlarda har oyda respublika bo‘yicha jami 750 nafar jismoniy shaxs va 300 ta yuridik shaxs ishtirok etdi. Shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 50 nafardan jismoniy va 20 tadan yuridik shaxs hamda Toshkent shahridan 100 nafar jismoniy va 40 ta yuridik shaxs fikri o‘rganildi.
Bunda aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘tgan davrlarda sezilgan inflyatsiya darajasi unga ta’sir qilgan omillar, kelgusi davr uchun inflyatsion kutilma va iste’mol kayfiyati baholandi.
Mart oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirok etgan aholining 64 foizi o‘tgan oyda narxlarning sezilarsiz oshganligini yoki o‘zgarmaganligini qayd etishdi. Ushbu ko‘rsatkich yanvar oyida 31 foizni va fevral oyida 50 foizni tashkil etgan.
Joriy yilning fevral va mart oylarida respublikamiz bozorlarida iste’mol mahsulotlari narxlarining mo‘tadillashuvi natijasida so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 11 foizi o‘tgan oyda narxlar pasaydi, deb ta’kidlagan.
Aholining oxirgi uch oyda kuzatilgan inflyatsiya darajasi bo‘yicha ham xulosalari ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Xususan, yanvar va fevral oylarida oxirgi uch oyda narxlar “yuqori darajada oshdi” yoki “avvalgi oylar bilan bir xilda oshdi” deb hisoblagan respondentlar ulushi mos ravishda 74 va 64 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mart oyida ushbu ko‘rsatkich 42 foizgacha pasaydi. Bu, o‘z navbatida, o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida iqtisodiyotda kuzatilgan yuqori inflyatsiya bosimi joriy yilning birinchi choragida pasayganligidan darak beradi.
Aholining o‘tgan o‘n ikki oylik inflyatsiya darajasi bo‘yicha mart oyidagi so‘rovda bildirgan fikri o‘tgan oylarga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, umuman olganda yuqoriligi saqlanib qoldi va respondentlarning 56 foizi (yanvar va fevral oylarida 68 foiz) oxirgi o‘n ikki oyda narxlar o‘tgan yillarga nisbatan yuqori oshganligini bildirishdi.
Shu o‘rinda yuqoridagi savolga qo‘shimcha ravishda oxirgi o‘n ikki oyda narxlar aynan qanchaga oshganligi so‘ralganda, mart oyida respondentlarning 43 foizi (yanvar oyida 59 foiz, fevral oyida 55 foiz) o‘tgan o‘n ikki oyda narxlar oshishi 21 foiz va undan yuqori bo‘ldi, deb e’tirof etishdi.
2018 yilning birinchi choragida o‘tgan yilning to‘rtinchi choragiga nisbatan inflyatsiya bosimining pasayishi iqtisodiyotda oxirgi o‘n ikki oyda narxlar yuqori oshishiga ta’sir qilgan asosiy omillar tarkibining o‘zgarishiga olib keldi.
Xususan, aholi orasida mart oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda o‘tgan o‘n ikki oydagi inflyatsiya darajasiga valyuta almashuv kursi devalvatsiyasi yuqori ta’sir qildi, deb hisoblagan respondentlar ulushi yanvar oyiga nisbatan qariyb 3 foiz bandga pasayib, 65 foizni, kommunal to‘lovlar ulushi esa 8 foiz bandga kamayib, 41 foizni, transport xarajatlari ulushi qariyb 25 foizga pasayib, 24 foizni tashkil etdi.
O‘tgan yilda kuzatilgan nisbatan yuqori darajadagi inflyatsiya aholi xarid qobiliyatiga mos ravishda ta’sir ko‘rsatdi va bu holat joriy yilning birinchi choragida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham o‘z aksini topdi. Xususan, mart oyidagi so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslarning 69 foizi o‘tgan o‘n ikki oyda narxlar ularning daromadlariga nisbatan yuqori oshganligini ma’lum qilishdi.
Joriy yilning birinchi choragida sezilgan inflyatsiya darajasi bo‘yicha yuridik shaxslarning fikri muntazam ravishda pasayib bordi.
Fevral va mart oylaridagi so‘rovlarda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining mos ravishda 65 va 60 foizi (yanvar oyida 29 foiz) oldingi oylarda narxlarning sezilarsiz oshgani yoki o‘zgarmaganligini qayd etishdi.
Joriy yilning birinchi choragida aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasining tobora pasayib borishi, o‘z navbatida, iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning pasayishiga ta’sir ko‘rsatdi.
2018 yilning aprel oyida aholi uchun elektroenergiya va tabiy gaz narxlari oshirilishi oldindan ma’lum qilinganligiga qaramasdan, mart oyida so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 62 foizi (yanvarda 44 foiz, fevralda 46 foiz) kelgusi oyda narxlar sezilarsiz oshishi, o‘zgarishsiz qolishi yoki pasayishi mumkinligini bildirib o‘tishgan.
Aholining kelgusi o‘n ikki oydagi inflyatsiya darajasi bo‘yicha kutilmasi mart oyida o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli pasaydi. Xususan, kelgusi o‘n ikki oyda narxlar o‘sishi darajasi 13 foizdan past bo‘lishini ta’kidlagan respondentlar ulushi 13 foiz bandga oshib, 40 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 21 foizdan yuqori bo‘ladi, deb hisoblaganlar ulushi 15 foiz bandga pasayib, 28 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning birinchi choragida kuzatilgan makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiyotda raqobat muhitining yaxshilanishi yuridik shaxslarning inflyatsion kutilma bo‘yicha fikrlarining keskin yaxshilanishiga olib keldi.
Xususan, mart oyida so‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining 44 foizi (yanvarda 30 foiz) kelgusi o‘n ikki oyda inflyatsiya darajasi 13 foizdan past bo‘lishini qayd etdilar.
Iqtisodiyotda inflyatsion kutilma pasayib borayotganligiga qaramasdan, aholining kelgusi o‘n ikki oyda daromadlari va narxlar oshishi o‘rtasidagi nomutanosiblik saqlanib qolishi bo‘yicha kutilmalar yuqori darajada qolmoqda.
So‘rovlarda ishtirok etgan yuridik shaxslarning katta qismi (yanvarda 51 foizi, fevralda 46 foizi, martda 49 foizi) kelgusi o‘n ikki oyda ish haqi miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oraliqda oshishi mumkinligini bildirib o‘tishgan.
Mart oyida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari aholi orasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish ishtiyoqi yuqoriligini ko‘rsatdi. “Agar sizda jamg‘armangiz bo‘lganda (yoki hozir bor) qanday maqsadlarda ishlatishni hohlardingiz” degan savolga so‘rovda ishtirok etgan aholining 55 foizi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida ishlatishini ma’lum qilgan.
Milliy valyutadagi mablag‘lar bo‘yicha bank foiz stavkalarining, chet el valyutasidagi mablag‘lar stavkasiga nisbatan jozibadorligi so‘rovlar natijalarida ham o‘z aksini topdi. Xususan, respondetlarning katta ulushi milliy valyutadagi jamg‘armalarini bankda saqlashni, aksincha chet el valyutasidagi jamg‘armalarini naqd ko‘rinishida saqlash ma’qulligini bildirishdi.
Iqtisodiyotda uzoq muddatli inflyatsion kutilmaning pasayishi bank foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, mart oyida so‘rovda ishtirok etgan yuridik shaxslarning 63 foizi (yanvar 56 foiz, fevral 35 foiz) kelgusi o‘n ikki oyda tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari 20 foizdan past bo‘lishini kutishmoqda.
2018 yilning birinchi choragida valyuta almashuv kursining barqarorlashishi, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning 2018 yil ikkinchi choragida kutilayotgan almashuv kursi bo‘yicha kutilmalarining pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mart oyida so‘rovda ishtirok etgan yuridik shaxslarning 73 foizi (yanvarda 61 foiz, fevralda 60 foiz) 2018 yilning ikkinchi choragida almashuv kursi 8300 so‘mdan past bo‘lishini taxmin qilgan bo‘lsa, 39 foizi (yanvarda 23 foiz, fevralda 19 foiz) 8000-8200 so‘m oralig‘ida bo‘lishi kutilayotganligini ma’lum qildilar.
Aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish kelajagi bo‘yicha kutilmalari so‘rov o‘tkazilgan barcha oylarda yuqoriligicha saqlanib qoldi.
Umuman, joriy yilning birinchi choragida kuzatilgan makroiqtisodiy barqarorlik va raqobat muhitining yaxshilanishi iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning pasayishiga olib keldi.