O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2018-04-16 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 

Xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish – bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng xalqimizga xos azaliy qadriyatdir. 

Butun dunyoda millionlab insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan, “Sen yetim emassan” deb o‘z bag‘riga olgani xalqimizning naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi. 

Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat ko‘rsatish maqsadida: 

1. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin. 

Xotira va Qadrlash kunining keng nishonlanishini ta’minlash davlat va nodavlat tashkilotlarining birinchi galdagi vazifasi, barcha O‘zbekiston fuqarolarining vijdoniy ishi va an’anaviy burchi deb belgilansin. 

2. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Ishchi guruh (A.Aripov): 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkazilishini tashkil etsin; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning sifatli o‘tkazilishini ta’minlasin va joylarga borib, Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatsin; 

Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillari biriktirilsin hamda ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va xushnud etish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin; 

yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin; 

Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘rsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi toifalari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qilsin; 

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryo‘la pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin; 

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida ular o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar kuzatuvchi bilan safarini tashkil etsin hamda ushbu safar bilan bog‘liq barcha xarajatlar qoplanishini ta’minlasin; 

Ikkinchi jahon urushi faxriylarining istaklari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O‘zbekiston” hamda respublika hududidagi boshqa sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborishni tashkil etib, ularni zarur avia va temir yo‘l chiptalari bilan ta’minlasin; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnikalar namoyishini tashkil etsin; 

G‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, kuch-quvvatini ayamagan har bir faxriy, har bir kishi xotirasi abadiylashtirilishini, ularga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishini ta’minlasin. 

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda: 

viloyat, shahar va tumanlarda Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar; 

Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etsinlar; 

ko‘chalar va maydonlarni Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezashni ta’minlasinlar. 

5. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan Dastur tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarini Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy marosimlarga temir yo‘l yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; 

Toshkent shahrida – O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2018-yil 9-may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyutini tashkil qilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlasinlar. 

8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarning keng yoritilishini, tematik tadbirlar, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarning tashkil etilishini ta’minlasinlar. 

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 16-aprel

Поделиться