O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YXHTning kam sonli millatlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashuv
2018-04-16 | Siyosat
2018-yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Lamberto Zanyerni qabul qildi.
Suhbat boshida L.Zanyer Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrifi, xususan mahalliy hokimiyat vakillari bilan muzokaralar, shuningdek, qirg‘iz, rus, tojik va boshqa madaniyat markazlaridagi uchrashuvlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuv davomida YXHT vakili mamlakatimizda olib borilayotgan barcha sohalardagi o‘zgarishlar, O‘zbekiston Hukumatining mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston millatlararo birdamlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, turli millat va elatlar vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.
Tashrif dasturiga ko‘ra, YXHT Oliy komissari O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, madaniyat markazlari va boshqa idoralarda uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi.