O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent shahar hokimining farmoyishi ijrosiga sustkashlik bilan qaralmoqda

2018-04-12 | Ekologiya

Poytaxt hokimining 2017 yil 11 oktyabrda e'lon qilingan  “Toshkent shahri hududidagi qurilish maydonlarida ekologiya va atrof-muhitga zarar etkazmaslik, qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda transport vositalaridan foydalanish  madaniyatiga rioya qilish va shahar ko'chalarini toza saqlash to'g'risida” gi Farmoyishi  ijrosi tahlil etilganda, joylarda bu borada talaygina muammo va kamchiliklar borligi aniqlandi. Jumladan, tuman hokimliklari, arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan belgilangan vazifalar ijrosiga  mas'uliyatsizlik bilan qaralmoqda. Xususan, qurilish ob'ektlarini rejalashtirish va  loyihalashtirishda shaharsozlik qoidalariga u qadar rioya etilmayapti. 

Shahar ko'chalarini ifloslantirishni oldini olish bo'yicha zarur choralarga “panja” ortidan qarab kelinmoqda.

Poytaxtimiz markazi va hududlaridagi  ijtimoiy soha ob'ektlariga, jumladan qurilish ishlari olib borilayotgan yo'llar, xiyobonlar va yangi turar joy binolariga   kirib chiqayotgan yuk avtomashinalarining tozaligiga e'tibor qaratish masalasi ham paysalga solinmoqda. Bu bo'yicha Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari qoidabuzar haydovchilarga tegishli choralar ko'rmayapti. Holbuki, O'zbekiston Respublikasining “Ma'muriy javobgarlik to'g'risida”gi Kodeksining 147-moddasida, katta va kichik avtotransport vositalarining atrofni ifloslantirishi yoki avtoulovdan toza-ozoda  foydalanmasligi,  javobgarlikka sabab bo'lishi ko'rsatib o'tilgan. Ana shunday holatlar tabiiyki shahar ko'rkini buzmoqda. Masalan, turli maishiy chiqindilarni o'zboshimchalik bilan yuk mashinasida tashilishi oqibatida atrofga chang-g'ubor tarqalmoqda. Natijada yo'l chetidagi ariq-zovurlar qum-tuproq uyumlari bilan to'lib, sanitar qoidalarga mutlaqo zid holat yuzaga kelyapti. 

Poytaxtni gulu-chamanzorga aylantirish,   megapolis ko'rinishiga keltirish, aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari so'nggi uch  yilda besh barobarga ortgan. Ming ta'sufki, bu kabi ezgu tashabbuslarimiz samarasi,  shahar hududlaridagi ayrim mutasaddi rahbarlarning mas'uliyatsizligi oqibatida ko'zga tashlanmayapti. Yaxshiyamki bahorning iliq kunlarida yog'ayotgan yomg'ir Yaratganning rahmati kabi ko'chalardagi chang-g'uborlarni yutib, bizga musaffo havoni hadya etmoqda.   Ammo, jazirama yoz eshik qoqayotgan damda, bu kabi masalalarga jiddiy e'tibor qaratmasak, so'ng qilgan barcha urinishlarimiz besamar ketishi-ayni haqiqat.

Shu o'rinda yana bir fikrni alohida ta'kidlash joiz. Ko'hna Kentning jozibasini, uning toza va ozodaligini ta'minlashni faqat ma'lum bir soha vakillari emas, balki har birimiz muqaddas burch deb bilmog'imiz lozim. Zero madaniyatli xalqmiz. Ajdodlarimiz o'z uylari, ko'chalarni obod qilishni fayzu-barakaning asosi deb bilganlar. Ayni fursatdan foydalanib, Toshkent shahar hokimligi shahrimiz aholisi va mehmonlarini bu yo'lda hayrihoh bo'lishga chorlab qoladi.

Поделиться