O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov: Fuqarolar manfaatlari, huquqlari ta’minlanishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda
2018-04-09 | Jamiyat
2017 yil 10 aprelda davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
O‘tgan bir yilda farmon ijrosi doirasida qanday ishlar qilindi? Sohada inson huquqlarini ta’minlash, xususan, tergov tizimi, jazoni ijro etish muassasalarida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
– Prezidentimizning ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan farmoni tizimda islohotlarning tamoman yangi bosqichini boshlab berdi, – deydi P.Bobojonov. – Farmonda tizimni isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodim «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o‘z xizmat burchi, deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish vazifasi belgilab berildi.
Xo‘sh, xalq manfaatlariga xizmat qilish nimani anglatadi?
Bu tushunchaning doirasi keng bo‘lib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Vatanimiz taqdiri va kelajagi, xalqimizning baxtu kamoli kabi olijanob maqsadlar yo‘lida barchamiz belni mahkam bog‘lab ishlashimizni, bor aql-zakovat, bilim va tajribamizni, yurtimizga mehr va sadoqatimizni safarbar etishimizni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga e’tibor kuchaytirilgani jinoyatchilik kamayishiga zamin yaratdi. Osoyishtalik barqarorligi jamiyat rivojiga xizmat qilmoqda. Bu esa, birinchi navbatda, fuqarolarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
– Islohotlar davomida ichki ishlar organlarida jinoyatlarni tergov qilish jarayoniga qanday yangiliklar kiritildi? Ular qanday natija bermoqda?
– Ichki ishlar vazirligining barcha sohaviy xizmatlari qatori tergov tuzilmalarida ham tub islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda.
Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti va uning joylardagi bo‘linmalarida so‘roq qilish jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio-video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan zamonaviy maxsus xonalar tashkil etildi.
Bu, eng avvalo, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishi hamda qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga qat’iy rioya qilishga e’tibor kuchaydi. Jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Ayniqsa, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohlarga tergov jarayonida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlar, ularning stress holatiga tushib qolishi, ruhiyati jarohatlanishining oldini olish uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Xonalar o‘rtasida o‘rnatilgan “gezella” oynasi gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining jabrlanuvchi va guvohlar, jumladan, voyaga yetmaganlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini chegaralagan holda, so‘roq qilish, shaxsni tanib olish va boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish imkonini bermoqda. Bunday xonalarda voyaga yetmagan shaxsning ko‘rsatuvlari videoyozuvga olinadi hamda tergov va sud jarayonlarida uni qayta so‘roq qilmasdan ushbu videoyozuv orqali tanishib chiqish mumkin bo‘ladi.
Tergov jarayonlarini isloh qilishda Prezidentimizning 2017 yil 30 noyabrdagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur farmonda protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan olingan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda olingan ko‘rsatuvlar ham ana shular qatoriga kirishi alohida ko‘rsatilgan.
Ichki ishlar organlari tergov idoralarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash maqsadida barcha shahar-tuman-tarmoq ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalaridagi xizmat komputerlariga jami 1 ming 832 ta veb-kamera o‘rnatildi. Ushbu qurilmalar orqali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari jarayonlarini qayd qilib borish amaliyoti joriy etildi.
Shuningdek, protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlandi.
Ushbu farmonda qo‘yilgan vazifalar mazkur sohaga oid qonun normalarini qaytadan ko‘rib chiqish va takomillashtirishni taqozo qildi. Xususan, 2018 yil 4 apreldagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 230-1 va 230-2-moddalar bilan to‘ldirildi. Tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari bo‘yicha dalillarni hamda tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik, yolg‘on xabar va guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
O‘z navbatida, jinoyat-protsessual qonunchiligiga ham fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan dalillarga oid qator yangi talablar kiritildi.
Yuqoridagi talablar ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha surishtiruvchi, tergovchi, ekspert va boshqa mas’ul xodimlarga tushuntirildi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan har qanday xodim tegishli javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilandi.
– Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, jazo o‘tayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, jazo o‘tayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlashning ishonchli mexanizmlarini joriy etish borasida bir necha yo‘nalishda, jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish borasida ham ish olib borilmoqda. Ulardan biri – bu o‘zini hozirgacha samarali vosita sifatida namoyon qilgan videokuzatuv tizimidir. Uning yuqori profilaktik xususiyati va ta’sirchanligini alohida ta’kidlash lozim.
Yuqoridagi farmon e’lon qilingandan buyon o‘tgan vaqt mobaynida mavjud vaqtincha saqlash hibsxonalari 1 ming 814, tergov hibsxonalari 123, maxsus qabulxonalar 25 hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari 283 zamonaviy videokuzatuv vositasi bilan jihozlandi. Kuzatuvni amalga oshirish va ma’lumotlarni qayd etish uchun zarur miqdorda monitor va serverlar o‘rnatilib, to‘liq foydalanishga topshirildi.
Ushbu videokuzatuv vositalaridan 965 tasi shaxslarni vaqtincha saqlash kameralariga, 327 tasi tergov harakatlarini o‘tkazish va advokatlar bilan uchrashuv xonalariga, 364 tasi yo‘laklarga, 161 tasi mahbuslar sayr etadigan hududlarga, 307 tasi muassasalar atrofiga hamda 121 tasi shaxsni ko‘zdan kechirish joylariga va oshxonalarga o‘rnatilgan. Ko‘rib turganingizdek, butun muassasa hududida mahbuslarga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashning oldini olish choralari ko‘rilgan.
IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi 1-tergov hibsxonasi misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda jami 357 videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan, xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan ushbu muassasada advokatlar, tergovchilar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Mazkur xonalar 67 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan. Bundan tashqari, tanib olish xonasi, ekspertiza tadqiqoti uchun namunalar olish xonasi, guvohlar uchun xona mavjud.
Muassasada mahbuslar yaqinlari bilan uchrashishi uchun yetarlicha joy ajratilib, barchasi jihozlangan. Fuqarolarni qabul qilish xonasi ham ishlab turibdi. Mahbuslarning kameralarida ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Tergov hibsxonalaridagi tergovchilar xonalariga videokameralar o‘rnatilishidan asosiy maqsad, tergov harakatlarini o‘tkazish jarayonida noqonuniy usullar qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ayni paytda bu jinoyat protsessi ishtirokchilari tomonidan tergovchini asossiz ravishda turli noqonuniy xatti-harakatlarda ayblash kabi holatlarning ham oldini oladi.
Advokatlar xonasining videokameralar bilan jihozlanishi esa qonunga zid harakatlarning oldini olish bilan birga, ularning xavfsizligini ta’minlashni ham ko‘zlaydi. Shuningdek, muqaddam sudlanib, sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni so‘roq qilish uchun maxsus xonalar tashkil etilgan.
Ma’lumot o‘rnida shuni ham aytish kerakki, o‘rnatilgan videokuzatuv vositalari, monitor va serverlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari maxsus jamg‘armasi hisobidan 5,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, 2017 yil mobaynida Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarining mahkumlar yotoqxonalariga 50 ta, Navoiy viloyatidagi bunday muassasalarning mahkumlar yotoqxonalariga esa 34 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad, jazoni o‘tayotgan shaxslar ichki tartib-qoidalarga rioya etishini uzluksiz nazorat qilib borish hamda ular bir-birining va muassasa xodimlari mahkumlarning haq-huquqini poymol qilishining oldini olishdir. Hozirgi kunda boshqa jazoni ijro etish muassasalarida videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
Tergov hibsxonalarining kirish darvozasi va yo‘laklarga, mahbuslarning kameralariga ham videokuzatuv vositalari o‘rnatildi. Bunda nafaqat mahbuslar, balki tergovchi va advokatlarning ham xatti-harakatlari kuzatuv ostida bo‘ladi. Mansabdor shaxslar va muassasa xodimlarining hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan har qanday noqonuniy muomala-munosabati qayd etiladi va ularga nisbatan tegishli chora ko‘riladi.
Shu o‘rinda mulohaza uchun raqamlarga e’tibor qaratsak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 2018 yilning birinchi choragida ichki ishlar organlariga taalluqli 22 ming 690 murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 ming 835 taga kam, demakdir. Murojaatlarning kamayishiga tergov hibsxonalari va maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan, reabilitatsiya markazlariga keltirilgan shaxslar, shuningdek, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli choralar ham muhim omil bo‘lgan, deb hisoblaymiz.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir «buyurtmasi»ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi.
Zero, har qanday fuqaro, u mahkum bo‘ladimi yoki mahbus, avvalo, insondir. Qolaversa, u ham shu xalqning, shu yurtning farzandi. Har bir shaxs jinoyat sodir etgan bo‘lsa, qilmishiga yarasha qonunga muvofiq jazoga tortiladi. Lekin uni qiynashga, tahqirlashga, huquq va erkinliklarini poymol etishga hech kimning haqqi yo‘q.
Aksincha, har qanday sharoitda ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishini ta’minlash ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir. Soha xodimlari ushbu ezgu maqsad yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda.
Norgul Abduraimova suhbatlashdi. O‘zA