O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonda Germaniyadan kelgan tajribali shifokorlar ishtirokida tibbiy ko‘rik tadbirlari bo‘lib o‘tdi
2018-04-09 | Sog‘liqni saqlash
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga ko‘ra, Andijon shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tibbiy ko‘rik tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
– Germaniyalik malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda 61 nafar bola maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori Tursunboy Berdirahmatov. – Ko‘rik davomida asosan, tana tayanch harakat tizimi, urologik xastaliklar bilan og‘rigan, terida kuyishdan qolgan asoratlari bo‘lgan 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularni davolash va salomatliklarini tiklash bo‘yicha mahalliy mutaxassislar, ota-onalar zarur tavsiya va maslahatlar oldi. Germaniyalik shifokorlar bilan hamkorlik doirasida 21 nafar bemor bola ushbu mamlakatda davolanib keldi.
Tibbiy ko‘riklar xorijlik hamda mazkur sohalar bo‘yicha mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi. Tibbiy tekshiruvlar natijasida 3 nafar bolaning Germaniyaga borib davolanishi uchun xulosa berildi.
– Maqsadimiz, bolalar salomatligini saqlashga ko‘maklashish, o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, – deydi “Friedensdorf International” xalqaro tashkilotining muruvvat yordamlari bo‘yicha koordinatori Marike Jensen. – Yurtingizda tibbiyot sohasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Kelishuv doirasidagi hamkorligimiz va olib borilayotgan ishlar ijobiy samaralar berishiga ishonaman. Umuman, qisqa safar davomida O‘zbekiston taraqqiy etayotgan mamlakat ekaniga ishonch hosil qildik. Xalqingizning samimiyligi, mehmondo‘stligi ayniqsa, katta taassurot qoldirdi.
Ko‘rik doirasida xorijlik mutaxassislar bilan bolalar xastaliklarini aniqlash, samarali davolash bo‘yicha muloqotlar o‘tkazildi, o‘zaro tajriba almashildi.
Bunday xalqaro tibbiy ko‘rikdan ota-onalar mamnun.
– To‘rt yoshli qizim Mubinaning bel qismiga yog‘ to‘planib, shishib ketgan, og‘riq bezovta qiladi, – deydi Asaka tumani Ganchyuz mahallasida yashovchi Dilorom Husanova. – Xorijlik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, qizimni davolash bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar oldim. Farzandlarimizning eng zamonaviy usullarda davolanishi uchun imkoniyat yaratib berayotgan davlatimizdan minnatdormiz.
Tibbiy ko‘rik jarayonida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmonlar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA