O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xo‘jaqo‘rg‘ondagi 428 aholi xonadoni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ta’mirlanmoqda
2018-04-09 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan qator vazifalar belgilab bergan edi.
Viloyatda ayni paytda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jizzax viloyatining “Manas” qishlog‘i misolida va “Obod qishloq” dasturi doirasida aholi yashash manzillarida odamlarga zarur sharoitlar yaratish, mavjud turar joylarni shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish, infratuzilma obyektlarini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Uchquduq, Tomdi, Xatirchi va Qiziltepa tumanlaridagi Qulquduq, O‘temurat, Xo‘jaqo‘rg‘on hamda Malikobod qishloqlarida savdo, maishiy va servis xizmati ko‘rsatish obyektlari qurilishi bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Aholi xonadonlarida tomorqa, issiqxona, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
"Obod qishloq" dasturi doirasida Xatirchi tumani “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 428 aholi xonadoni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ta’mirlanmoqda.
– Hozirga qadar qishloqdagi 162 xonadonda devor qurish, 127 tasida g‘isht terish, 103 hovlida suvoqlash, 116 tasida tom yopish, oqlash ishlari bajarildi, – deydi Xatirchi tumani hokimi o‘rinbosari Q.Farmonov. – Qishloqlarda turmush farovonligini yuksaltirish, odamlar uchun shahardagidan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan bunday ezgu ishlardan aholi juda mamnun. O‘zlarida ham hayotga munosabat o‘zgarib, yaxshi yashashga intilish kuchaymoqda.
Tumanda muhandislik-kommunikatsiya tizimini tartibga keltirish bo‘yicha umumfoydalanuvda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini asfaltlash, ichki yo‘llarda qum-shag‘al aralashmasidan poydevor qurish, piyodalar yo‘laklarini yangidan bunyod etish, gaz quvurini ta’mirlash, elektr tarmog‘ini modernizatsiya qilish, simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, ichimlik suvi quvurlari yotqizish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
– Ushbu hududda joylashgan 24-umumta’lim maktabini kapital va tuman tibbiyot birlashmasi binosini joriy ta’mirlash, 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasining yangi binosini va mahalla guzari qurish ishlari amalga oshirilayotir, – deydi tuman prokurori, 2-sektor boshlig‘i E.Ahmedjonov. – “Obod qishloq” dasturi asosida hayotga tatbiq etilayotgan tadbirlarda viloyatimizdagi 86 korxona va tashkilotdan 1 ming 560 ishchi ishtirok etmoqda.
Nuriddin Rahimov, O‘zA