O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Haj-2018” mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi
2018-04-08 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga asosan mavsumni namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazishga kelishib olindi.
Hozirgi kunda Saudiya Arabistoni Podshohligi O‘zbekiston tomonining haj va umra ishlarini tashkillashtirishi, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarini yuqori baholab, dunyoning rivojlangan mamlakatlari Turkiya, Malayziya, Indoneziya davlatlari qatorida ekanligini ta’kidlamoqda.
Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhi safarbar etiladi. Mazkur ishchi guruhi haj mavsumida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlarini ta’minlaydilar.
Shuningdek, ziyoratchilarimizga muqaddas shaharlarda joylashgan eng zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda balki, Mino-Muzdalifa-Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta’minlanadilar. Shuni ta’kidlash zarurki, bu xizmatlar qo‘pgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga ko‘rsatilmaydi.
Shuningdek, 2018 yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan “Haj” safariga tayyorligi, avval Hajga bormaganligi, islom dini va Haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma’naviyati, ma’rifati va odob-ahloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratildi.
Bu yilgi haj mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi. Ziyoratchilarni turli kasalliklarga qarshi vaksina bilan emlash ishlari joriy yilning 25 aprel kuniga qadar davom etishi belgilandi. Shuningdek, 2018 yilgi Haj mavsumi uchun sarf xarajatlari eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e’tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 000 000 so‘m etib belgilandi. Bunda albatta O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi ham e’tiborga olingan.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan haj mavsumida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha soliq to‘lovlarini joriy etilishi, xizmat ko‘rsatish sifatini eng yuqori darajada tashkil etish, Madina va Makka shaharlaridagi mehmonxonalarda qulay sharoitlar yaratish, Mino, Arafot, Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin bajarishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.