O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shoshilinch tibbiy yordam tizimi: Xalqaro hamkorlik kengaymoqda

2018-04-07 | Sog‘liqni saqlash

Poytaxtimizda aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasida jahon tibbiyoti va ilm-fan tizimidagi yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz olimlari, shifokorlar bilan bir qatorda, Turkiyadan kelgan yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etdi. 

Aholiga zamonaviy andozalar darajasida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishidir. Keyingi yillarda tibbiyotning turli yo‘nalishlari kabi bu sohaning ham huquqiy asoslarini mustahkamlash, shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar bajarildi. 

Bu borada Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalar izchillik bilan bajarilishi natijasida tez tibbiy yordam shifoxonalari faoliyati takomillashib borayotir. Jumladan, 2017 yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashgan avtotransport xarid qilindi va joylarga yetkazildi. Tez tibbiy yordam xizmatini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash 2 barobarga ko‘paydi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishda muhim dasturilamal bo‘ldi. 

Mazkur qaror asosida 2018 yilda shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Unda tez tibbiy yordam xizmatining sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalari bilan samarali integratsiyasini ta’minlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuning barobarida, jahon tibbiyoti va ilm-fan yutuqlarini chuqur o‘zlashtirish va amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilangan. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, O‘zbekiston shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi bu borada jahondagi nufuzli ilm-fan markazlari va yetakchi klinikalar bilan hamkorlikni tobora rivojlantirmoqda. Turkiya shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi bilan aloqalar bunga misoldir. 3000 nafardan ziyod malakali olimlar va shifokorlarni o‘z safida jamlagan mazkur assotsiatsiya o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda yetakchi tibbiy-ilmiy tuzilmalardan biridir. 

Tadbir doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori A.Xadjibayev va Turkiya shoshilinch tibbiy yordam vrachlari assotsiatsiyasi prezidenti, professor Bashar Jander hamkorlik bitimini imzoladilar. 

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Xalqaro anjumanda, shuningdek, aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida erishilayotgan ilmiy-amaliy yangiliklar, xususan, yurak va bosh miya qon-tomir kasalliklari, og‘ir shikastlanishlar, is gazidan zaharlanish holatlari, qandli diabet asoratlarida kelib chiqqan xastaliklarda bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar yuzasidan tajriba almashildi, mahorat darslari tashkil etildi. 

Поделиться