O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida
2018-04-06 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbek milliy maqom san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kamol toptirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3391-sonli qarori bilan Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan Xalqaro maqom san’ati anjumanini (keyingi o‘rinlarda Anjuman deb ataladi) birinchi marta 2018-yilning 6-10-sentabr kunlarida o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga;
Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita ikki hafta muddatda Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi:
bir oy muddatda xalqaro anjumanning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy va badiiy dasturlarini tayyorlash;
1-iyulga qadar mazkur konferensiyada xorijiy davlatlardan taniqli musiqashunos va maqomshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ishtirokini ta’minlash, ularni taqdirlashni yuqori saviyada tashkil etsin.
1-avgustga qadar anjuman doirasida “Maqom musiqa san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi anjumanni YuNESKO shafeligi ostida o‘tkazish masalasini belgilangan tartibda hal etsin.
6. Qashqadaryo viloyati hokimligi 25-avgustga qadar Shahrisabz shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, anjuman o‘tkaziladigan sahna maydonlari va zallar talab darajasida tayyorlanishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Anjumanga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining viza talabnomalariga binoan O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalari belgilangan tartibda konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Cavdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:
Anjuman doirasida Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydoni hududida maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvi tashkil etilishini;
Anjuman dasturini ishlab chiqish va uning Anjumandan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini ta’minlasin.
9. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
Anjuman qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratsin;
Toshkent shahar hokimligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ijodiy guruh va badiiy dastur ishtirokchilari hamda xorijiy mehmonlarga Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatidagi mehmonxona va ovqatlanish xizmatlarini 50 foizlik chegirma bilan tashkil etsin.
10. Anjumanni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
70 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun har yil nazarda tutiladigan byudjet mablag‘lari doirasida;
30 foizi – homiylik xayriya, mahalliy byudjet mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
11. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2018-yil 6-aprel