O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSH Davlat departamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-04-06 | Siyosat
2018-yilning 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabar Abduvaxitov Toshkent shahrida bo‘lib turgan AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi bilan uchrashdi. Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Rendi Uilyam Berri ushbu delegatsiyaga boshchilik qilmoqda.
AQSh delegatsiyasi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida, Oliy Majlisning inson huqulari bo‘yicha vakili, Bosh prokuratura, ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari, adliya vazirliklari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritildi.
Suhbatda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar inson manfaatlari tamoyiliga asoslangan. Xususan munosib yashash darajasini ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqot va murojaatlar bilan ishlashning yangi samarali mexanizmlarini kiritish va yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni tashvishga soladigan hayotiy muammolarni o‘z vaqtida hal qilish shular jumlasidandir.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosati, insonning asosiy huquq va erkinliklariga to‘liq rioya etilishining qat’iy tarafdoridir.
Muzokaralarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh muloqotini konstruktiv asosda davom ettirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Uchrashuvda AQSh Elchisi Pamela Leora Spratlen ishtirok etdi.