O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh qonunshunoslar klubi tashkil etildi
2018-04-06 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti qoshida «Yosh qonunshunoslar klubi» tashkil etildi.
Quyi palatada klub faoliyati, maqsadi va vazifalari, uning yoshlar qonunshunosligida tutgan o‘rniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda deputatlar, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi apparati xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlarni mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga keng jalb qilish, islohotlar jarayonida ularning faol ishtirokini ta’minlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosiga yoshlar erkin kirib chiqadigan muhit va sharoit yaratilishi zarurligi, ular qonun qabul qilish jarayonlaridan boshlab, partiyalar o‘rtasida raqobat bo‘ladigan majlis va tortishuvlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi va deputatlar bilan muloqot qilishi lozimligi haqida to‘xtalib o‘tgan edi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining qarori asosida “Yosh qonunshunoslar klubi” tuzildi. Klub institut xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi, siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanoti” a’zolari, oliy ta’lim muassasalari talabalari va iqtidorli yoshlar vakillaridan iborat.
Klubning asosiy vazifalari O‘zbekiston Respublikasida qonun ijodkorligi va qonunchilikni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini muhokama qilish, qonunchilik texnikasi, normativ-huquqiy hujjatlarni yuridik-texnik rasmiylashtirish qoidalari, norma va huquq ijodkorligi masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy muhokamalarni joriy etishdan iborat.
– Parlament tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyotini o‘rganish, yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida o‘zaro fikr almashishda bu klubning roli katta bo‘ladi, deb o‘ylayman, – deydi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi Valisher Davlatov. – Bu klub yosh huquqshunoslar uchun yana bir imkoniyat eshiklarini ochadi. Biz berilgan imkoniyatdan oqilona foydalanib, bilim va salohiyatimizni ishga solgan holda qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarda yoshlar manfaatini, xohish va istaklarini himoya qilishga harakat qilamiz. Jamiyatda sodir bo‘layotgan islohotlarda faol ishtirok etib, huquqiy bilimlarimizni yanada boyitamiz.
Tadbir ishtirokchilari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zali, o‘quv xonalari, kutubxona hamda milliy parlament tarixi bilan yaqindan tanishdi.