Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 1-sentabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda:
oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining – o‘rtacha 25 foizga va stajer-o‘qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining – o‘rtacha 25 foizga va stajyor-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-sentabrdan boshlab:
bazaviy doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan (2 yilgacha ilmiy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan) kichik ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar;
doktoranturada ta’lim olayotgan shaxslarga – fan nomzodi (yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga va xorijiy davlatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ilmiy darajasiga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning lavozim maoshi bazaviy miqdorlariga tenglashtirilgan stipendiyalar to‘lanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 1-iyulgacha:
oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, boshqa xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlarini;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlari loyihalarini amalga oshirish va innovatsiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy hamda rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlarini ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda byudjet mablag‘lari hisobidan qayta ko‘rib chiqsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 5-aprel
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SH A R H
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli hamda izchil ishlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ustuvor vazifalari bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy va soha tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qodir bo‘lgan yangi, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni ta’minlash maqsadiga muvofiq ko‘zlangan marralarga erishishning jadallashtirilishiga olib keldi.
Biroq, ayni vaqtda respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi ilmiy hamda ilmiy-pedagogik kadrlarning salohiyati past darajada qolib ketmoqda. Ilmiy unvon yoki ilmiy darajaga ega bo‘lgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedogogik kadrlarning mazkur jarayonlardagi ulushi tinimsiz pasayib borayapti. Ko‘p hollarda bu vaziyat ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy unvon yoki ilmiy darajalar olishga bo‘lgan urinishi so‘nggi yillar davomida moddiy manfaatdorlik oqibatida pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda, chunki stajyorlar (ilmiy unvon va darajasiz) bilan professor – bosh ilmiy xodimlar (ilmiy unvon yoki darajaga ega) o‘rtasidagi farq 50 foizdan ortmagan holda saqlanib qolinmoqda.
Ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining moddiy manfaatdorligini tubdan oshirish, shu jumladan, lavozimlar, ilmiy unvon va darajalar o‘rtasidagi tabaqalashuvni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror 2018-yil 1-sentabrdan boshlab 81 ta oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va 136 ta ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tarkibining barcha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari sezilarli oshirilishini nazarda tutadi: hammasi bo‘lib 38 mingdan ortiq oliy ta’lim muassasalari (28,1 ming odam) va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari (8,0 ming odam), shuningdek 1,9 ming doktorantlar.
Bazaviy lavozim maoshlari tabaqalashtirilgan holda oshirilib, birinchi o‘rinda ilmiy unvon yoki darajaga ega bo‘lgan xodimlarga tatbiq etiladi. O‘rtacha hisobda bazaviy lavozim maoshlari 25 foizga oshiriladi (stajyorlarga 5 foizdan, oliy ta’lim muassasalari professorlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining bosh ilmiy xodimlariga 38 foizgacha). Tabaqalashtirilgan bazaviy lavozim maoshlari oshirilishini nazarda tutgan holda egallab turgan lavozimidan, ilmiy unvon yoki darajasi borligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda stajyor bilan professor o‘rtasida bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 100 foizga, yoki ikki baravariga oshirilishi ko‘zda tutiladi.Taklif qilinayotgan chora-tadbirlar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi va ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy xodimlari o‘z bilimlari va kasbiy ko‘nikmalarini, doimiy ravishda oshirib borishlari, ilmiy faoliyatlarini olib borishlari uchun rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqildi.
2018-yilning 1-sentabridan boshlab bazaviy lavozim maoshlari oshirilishiga hammasi bo‘lib 73,8 milliard so‘m (38,4 – davlat byudjeti mablag‘lari), ulardan 60,3 milliard so‘m – oliy ta’lim muassasalari uchun (24,9 – milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari), 11,3 mlrd. so‘m – ilmiy-tadqiqot institutlari uchun, shuningdek, 2,2 milliard so‘m oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari uchun qo‘shimcha ajratilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga mehnat haqi to‘lashda qo‘shimcha oylik xarajatlari miqdori 18,4 milliard so‘m bo‘lib, jumladan, 9,6 milliard so‘mi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qaror bilan alohida belgilanganki, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olayotgan 1923 nafar tadqiqotchiga ilmiy unvoni yoki darajasi bo‘lmagan kichik ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga tenglashtirilib, 1,76 million. so‘m, (bazaviy doktorantura, 1669 nafar) hamda fan nomzodi ilmiy darajasi yoki unvoni bo‘lgan yetakchi ilmiy xodimning bazaviy lavozim maoshi miqdorlariga teng bo‘lgan – 2,2 million so‘m (doktorantura, 254 nafar) miqdorida oshirilgan stipendiya (17 foiz – 18 foizga oshiriladi) to‘lanadi.
Mazkur qaror bilan fan doktori ilmiy darajasi bo‘lgan professorlar mehnat haqi miqdori 38-44 foizga oshiriladi va amaldagi 2,5 million so‘m o‘rniga 3,46 million so‘m bo‘ladi va shu bilan stajyor-o‘qituvchining mehnat haqi miqdori bilan 100 foizli tafovutni hosil qiladi (stajyor maoshi – 1,73 million so‘m).
Ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan doktori darajasi yoki professor unvoniga ega bosh ilmiy xodimning mehnat haqi amaldagi 2,25 million so‘m o‘rniga 38 foizga oshirilib, 3,11 million so‘mga yetadi, stajyor-tadqiqotchi mehnat haqi miqdoridan 100 foizga yoki ikki baravarga oshiriladi (stajer maoshi – 1,55 million so‘m).
Qabul qilingan qaror respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash yo‘li orqali ta’lim sifatini va ilmiy faoliyatni oshirish masalalarini hal etish, oliy ta’lim muassasalari va akademik ilm-fanini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iste’dodli yosh olimlar va talabalarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilishga yordam beradi.
Manba: O'zA