O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qardosh xalqning ulug‘ ijodkoriga yuksak ehtirom

2018-04-05 | Jamiyat

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 13 martdagi "Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar barcha sohalarda, jumladan, adabiy-madaniy jabhalarda ham ulkan samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
 
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgani mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini qaror toptirish, yurtimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.
 
Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarori qo‘shni qozoq xalqiga, ularning buyuk ijodkorlariga yuksak hurmat-ehtirom namunasi sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-madaniy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Mazkur hujjat qardosh xalqlar bilan do‘stlik aloqalarini yangi, yuksak bosqichda davom ettirish, madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, buyuk adibning o‘lmas asarlarini keng o‘rganish va targ‘ib qilishda katta rol o‘ynaydi.
 
Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi butun turkiy xalqlarning qalbida bezavol yashab kelmoqda. 
 
O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston davlati bilan o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bugungi kunda bu ulug‘ ijodkorning o‘lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma’no va ahamiyat kasb etadi. 
 
Abay Qo‘nonboyev umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan badiiy yetuk asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. 
 
Xalqimiz bu ijodkorning insonparvarlik va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan asarlarini sevib mutolaa qiladi. Ularning nomini cheksiz hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. 
 
Poytaxtimizda Abay Qo‘nonboyevning muazzam haykali qad rostlab turgani, ko‘cha va mahallalarga nomi berilgani buning dalilidir.
 
Buyuk qozoq ma’rifatparvari Abay Qo‘nonboyevning o‘zbek xalqiga hurmati nihoyatda baland bo‘lgan. U o‘zining «Hikmatlar» kitobida bunday so‘zlarni yozgan: “Hozirda ko‘rmoqdamanki, o‘zbek dehqoni yetishtirmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q, o‘zbek savdogari qadami yetmagan joy yo‘q, ular yasamagan buyum yo‘q. Ahillikda yashashadi, adovat qo‘zg‘ashmaydi. Rus savdogarlari yo‘qligida qozoqlarga kiyim-kechak va marhumlariga kafan keltirib berishdi... Ruslar zamoniga kelib esa yangiliklarni boshqalardan oldinroq o‘zlashtirishmoqda. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandchilik va mo‘l-ko‘llik deysizmi, boadablik deysizmi – hammasi ularda bor..."
 
Prezidentimizning "Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida"gi qarorida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish, uning “Saylanma” asarini hamda “O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o‘zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiya tashkil etish, har yili shoir tug‘ilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida o‘rnatilgan Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gul qo‘yish va mushoira o‘tkazish, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko‘rik-tanlovini tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida ulug‘ adib hayoti va ijodi haqida turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish, uning hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli filmlarni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish vazifalari belgilab qo‘yilgan.
 
Yig‘ilishda mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillarining hisobotlari tinglandi, kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
 
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov so‘zga chiqdi.
 

 

Bayram Aytmurodov, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA

Поделиться