O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Press-reliz
2018-04-05 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentabrdagi “Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3300-son qarori doirasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan video-konferensiya tashkil etildi.
Mazkur qarorga muvofiq tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan pulli hisob-kitob qilishni tezkor hisobga olish va nazorat qilish tizimini kengaytirish maqsadida “onlayn” rejimda faoliyat yurituvchi nazorat-kassa mashinalarini amaliyotga joriy qilinishi belgilangan.
Fiskal xotirali “onlayn” nazorat-kassa mashinalarini amaliyotga joriy qilinishi savdo qoidalariga rioya etilishini tartibga solishi bilan bir qatorda, soliq nazorati jarayonini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari tomonidan hisoblanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasini kamaytirish, naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmasdan yashirish maqsadida xaridorlarga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, nazorat-kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma’lumotlarni qasddan o‘zgartirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar soxtalashtirilishini oldini oladi.
Bu turdagi nazorat-kassa mashinalarining cheklarida xarid qilingan mahsulot ro‘yxati, narxi, soni, chek va kassa apparati raqami va boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi hamda QR-kod yordamida qog‘oz chekidagi ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bilan solishtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan aholi bilan naqd pulda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar nazorat-kassa mashinalarining fiskal xotirasida saqlanadi. Onlayn nazorat-kassa mashinalaridan kelib tushadigan fiskal ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va Davlat soliq qo‘mitasiga uzatish fiskal ma’lumotlar operatori tomonidan amalga oshiriladi hamda tadbirkorning shaxsiy kabinetida ham aks ettiriladi.
“Onlayn” nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash amaliyoti Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida joriy qilingan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida bu turdagi nazorat-kassa mashinalarining afzal jihatlari, kamchiliklari o‘rganilib, takomillashtirish choralari ko‘rildi.
“Onlayn” nazorat-kassa mashinalari nafaqat mamlakat savdo tarmoqlari tushumlarini nazorat qilish, balki alohida turdagi mahsulotlarning hududlar kesimidagi narxlarini, savdo hajmini tahlil qilish, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishi yoki pasaytirilishi holatlarini o‘rganish imkonini beradi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda qizg‘in muhokama qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasida ham tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlariga “onlayn” rejimda ma’lumotlar uzatishni ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini joriy qilish jamoatchilik muhokamasiga havola etilgan va bu borada ko‘plab ijobiy fikrlar bildirilgan.
Tadbir davomida Texnik xizmat ko‘rsatish markazlari va nazorat-kassa mashinalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar vakillari bilan hamkorlikda “onlayn” nazorat-kassa mashinalarining imkoniyatlari ko‘rgazmali vositalar yordamida namoyish etildi.