O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birinchi Prezidentimiz yodiga oid insholar tanlovi
2018-04-04 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, oliy o‘quv yurtlariprofessorlari, talaba-yoshlar, ularning ota-onalari taklif etildi.
Ishtirokchilar dastlab, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi, Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli ko‘rgazma ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Mazkur fond boshqaruvi raisi B.Ubaydullayev, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining ilmiy-ijodiy faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari T.Qo‘ziyev, fond vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi T.Karimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist A.Meliboyev, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri S.Ostonov va boshqalar yoshlarni mustaqilligimizni asrab-avaylash, vatanparvarlik, fidoyilik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani bu boradagi amaliy ishlarning yorqin isbotidir.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad, Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning Vatanimizning yangi tarixi xususidagi, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini yuksaltirishda Islom Karimovning tarixiy xizmatlari borasidagi bilimini yuksaltirishdan iborat edi.
22-yanvardan 22-fevralga qadar o‘tkazilgan tanlovda yurtimiz oliy ta’lim dargohlari talabalari faol ishtirok etdi. Tarixchi, siyosatshunos, filolog olimlardan iborat maxsus komissiya tomonidan insholar keng va atroflicha o‘rganib, tahlil etildi. Taqdim etilgan ishlarda fikr ravonligi, mavzuning to‘liq ochilgani, o‘ziga xosligi, mavzuga oid fakt va misollar o‘rinli ekaniga asosiy e’tibor qaratildi.
– G‘oliblarni aniqlash juda qiyin bo‘ldi, – deydi“O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov. – Har bir inshodaBirinchi Prezidentimizga yoshlarimizning mehri, hurmati va ehiromi ufurib turgani e’tiborga molikdir.
Tanlov natijasiga ko‘ra, birinchi o‘ringa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining beshinchi kurs talabasi Otabek Akromov munosib topildi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent pediatriya tibbiyot institutiningbeshinchi kurs talabasi Malika Shorustamova egalladi. Uchinchi o‘ringa Toshkent davlat yuridik universitetining to‘rtinchi kurs talabasi Nurbek Toshkanov sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, o‘n yetti nafar talaba rag‘batlantiruvchi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA