O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kayzen va Lean tizimlari: ularning dunyo miqyosidagi o‘rni va O‘zbekistonda tatbiq etish istiqbollari

2018-04-03 | Jamiyat

Ishlab chiqarish samaradorligi va mehnat unumdorligini qanday qilib oshirish mumkin va ishlab chiqarish xarajatlarini keskin kamaytirishga qay tarzda erishiladi? 

Minglab ishchi-xizmatchilarga va milliardlab pul aylanmasiga ega bo‘lgan, ilmiy-texnologik taraqqiyotning eng zamonaviy yutuqlarini o‘zida mujassam etgan murakkab mexanizmlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar haqida gapirganda, bu savolga javob berish oson kechmaydi. 
 
Shu o‘rinda, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqilgan va amalda tatbiq qilingan uslublardan foydalanishimiz mumkin bo‘ladi. 
 
Dunyoda eng ko‘p tarqalgan usul esa, «Kayzen» – tejamkor ishlab chiqarish uslubidir. 
 
Mayda ikir-chikirlarga ham e’tiborli bo‘lgan yaponlar tomonidan o‘ylab topilgan ishlab chiqarishni maqbullashtirish va uning samaradorligini keskin oshirish uslubi ko‘plab mamlakatlarda yuksak e’tibor qozonib, dunyoga keng tarqaldi. 
 
O‘tgan asrning 50-yillarida Toyota kompaniyasining ishlab chiqarish tizimini yaratgan Tayiti Ono «Tejamkor ishlab chiqarish» konsepsiyasining asoschisi hisoblanadi. «Kayzen» tizimi – bu tejamkor ishlab chiqarish falsafasi bo‘lib, u TPS (Toyota Production System) - «Toyota ishlab chiqarish tizimi»ning negizidir. Yapon tilida «Kayzen» so‘zi ikkita iyeroglifdan iborat bo‘lib, «kai» - «o‘zgarish» va «zen» esa «yaxshilash», «takomillashtirish»ni anglatadi. Shunday qilib, Kayzen so‘zini o‘zbek tiliga «Uzluksiz takomillashtirish» deb tarjima qilsa bo‘ladi. 
 
Kayzen tizimida, ishlab chiqarilgan tovar yoki ko‘rsatilgan xizmatning iste’molchi uchun qanchalik qadrli va ahamiyatga ega ekanligi eng muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. TPSning asoschisi Tayiti Ononing aytishicha: «Biz shug‘ullanadigan ish – iste’molchi tomonidan buyurtma berilgan vaqt va qilingan ish uchun olinadigan to‘lov o‘rtasidagi muddatni kuzatishdan iboratdir. Biz bu muddatni qisqartirgan holda, qiymatga ega bo‘lmagan yo‘qotishlarni bartaraf etamiz».
 
Kayzen tizimining g‘oyalari Masaaki Imaining «Kayzen. Yapon kompaniyalarining muvaffaqiyat kaliti» asarida batafsil yoritilib, ushbu kitob 1986 yilda Angliyada nashrdan chiqarildi. Mazkur g‘oyalarning asosiylari quyidagilardir:
 
- Kayzen, muammolarsiz korxona bo‘lmasligini yaxshi anglaydi va u mazkur muammolarni yechishda yordam beradi. Bunda, shunday mehnat munosabatlari yo‘lga qo‘yiladiki, har bir ishchi muammo uchun jazolanishning o‘rniga, muammoning bo‘lmasligiga kafil bo‘ladi. 
 
- Kayzen strategiyasining asosi shundan iboratki, foyda olishni maqsad qilgan menejment tomonidan mijozni va uning talabini qondirish asosiy vazifa etib belgilanadi. 
 
- Kayzen bu uzluksiz takomillashtirish strategiyasi bo‘lib, korxonaning barcha faoliyati alaloqibat mijozni to‘liq qoniqish hosil qilishiga yo‘naltirilishi lozim.
 
Mazkur konsepsiyaning samaradorligiga yaqqol dalil sifatida Yaponiya va G‘arb davlatlari korxonalaridagi ratsionalizatorlik g‘oyalarining ishlab chiqarishda qo‘llanilishini solishtirib ko‘rish kifoya qiladi. Misol uchun, 1989 yilda Yaponiyada barcha ratsionalizatorlik takliflarning 83 foizi amaliyotga tatbiq qilingan bo‘lsa, Germaniyada bu ko‘rsatkich 40 foizni, AQShda esa ozroq, ya’ni 30 foizni tashkil etgan. Germaniyada bir yilda har bir xodimga 0,15 ta ratsionalizatorlik taklifi to‘g‘ri kelsa, Yaponiyada esa ushbu ko‘rsatkich 30 dan ko‘proqni tashkil etgan.
Amerika va Yevropa kompaniyalariga qaraganda Toyota rivojlanish sur’atida ancha ilgarilab keta boshladi. Ishlab chiqarish uslublaridagi samaradorlik ko‘rsatkichlaridagi farq yaqqol ayon bo‘lib qoldi. General Motors 1989 yilda 5,5 mln. dona avtomobilni 775 ming ishchi yordamida ishlab chiqargan bo‘lsa, Toyota esa 3,3 mln. dona avtomobilga 90 ming ishchi kuchini sarfladi. Turli kompaniyalardagi avtomobil ishlab chiqarish hajmi va ishchilar sonini solishtirib ko‘ramiz: Toyota – bir ishchiga 36,3 ta, Honda – 22,5 ta, Nissan – 19,5 ta, PSA Peugeot Citroen – 14,6 ta, Ford – 11,1 ta, GM esa bor yo‘g‘i 7,1 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda Toyota va GM o‘rtasidagi samaradorlik darajasidagi farq 5 barobarni tashkil qilgan edi. Shunda, Toyota kompaniyasi ishlab chiqarish jarayonining ideal uslubiga ega ekanligini butun dunyo tushunib yeta boshladi. Siz bunday uslubni o‘zlashtirsangiz nima qilgan bo‘lardingiz? Shak-shubha yo‘q-ki, uni o‘z raqobatchilaringizdan qattiq sir saqlar edingiz. Lekin Toyota aksincha yo‘l tutdi – yaponlar TPS tizimini keng targ‘ib qilib, uni o‘rganishni istovchilarga konsalting xizmatlarini ko‘rsata boshladilar.
 
Amaliyotda, Kayzen bu – samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish strategiyasi bo‘lib, bosh direktordan tortib oddiy chilangargacha bo‘lgan barcha qatlamlarga uni tatbiq qilinishini boshqarishdan iboratdir. Uslubning asosiy maqsadi – kompaniya xodimlarini bir yo‘nalishda harakat qilishlari uchun sharoitlar yaratish hamda barcha xodimlar bajarayotgan ishlar, kompaniyaning maqsad va rejalari bilan hamohang bo‘lishini ta’minlashdir. Boshqacha qilib aytganda, kompaniya Kayzen tamoyillariga rioya qilib, uning barcha a’zolari maksimal darajada muvofiqlashgan va mutanosib holdagi yagona bir vujudga aylanishi lozim. Bunda, barcha xodimlar o‘zlarining vazifalari haqida aniq tushunchaga ega bo‘lishlari kerak. 
 
Tejamkor ishlab chiqarishning eng muhim tamoyillaridan biri 5S tizimi hisoblanadi. Bu mehnat joyining tashkil etish uslubi bo‘lib, belgilangan ish jarayoni, tartib-intizom, tozalik, saranjomlik, vaqt va energiyani tejash bo‘yicha eng maqbul sharoitlarni yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bu uslubda quyidagi 5 ta qadam asos hisoblanadi:
 
– SEIRI - Saralash (ish joyidagi ortiqcha narsalardan qutilish);
– SEITON – Saranjomlash (tartibga keltirish); 
– SEISO – Soflik (ozodalikka rioya etish); 
– SEIKETSU - Standartlashtirish (ish joyida belgilangan standartlarga rioya qilish);
– SHITSUKE - Samarali intizom (tartibni uzluksiz takomillashtirib borish). 
Shuningdek, bu tizimning yana bir tamoyili «Umumiy sifat menejmenti» (TQM – Total Quality Management) bo‘lib, u xom-ashyo va vaqt isrofini bartaraf etish, mahsulot sifatini yaxshilash, innovatsiyalar va yangi standartlar bilan ishlashdan iborat. 
 
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Kayzen tizimi «Lean production» – «Tejamkor ishlab chiqarish» nomi bilan shuhrat qozongan. «Lean production» – amerikalik iqtisodchi Jon Krafchik tomonidan 1988 yilda Toyota kompaniyasining ishlab chiqarish uslubini ifodalash uchun birinchi bor ishlatilgan atamadir. Yevropacha fikrlash tarziga moslashtirilgan yapon tizimi dastlab avtomobilsozlik sanoatida tatbiq etila boshlagan. Keyinroq esa, Lean uslubi keng tarqalib, hozirda bu uslubdan qurilish, harbiy sanoat, savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda muvaffaqiyat bilan foydalanilmoqda. 
 
LEAN tizimining ommalashuvi
 
Lean mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha dunyoda eng mashhur uslubdir. Masalan, AQShdagi kompaniyalarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i bu uslublardan muvaffaqiyat bilan foydalanmoqda. Ushbu tizim tatbiq qilinishining davlat tarafidan qo‘llab-quvvatlanishi tejamkor texnologiyalarning bunchalik keng ravishda tarqalishi sabablaridan biridir. Tejamkor ishlab chiqarishni barcha korxonalarda tatbiq etish bo‘yicha davlat tomonidan salmoqli darajada ta’sir choralari ko‘rilib, bu loyihalar rag‘batlantirib boriladi.
 
1988 yildan boshlab AQShda Savdo vazirligi huzuridagi Standartlar va texnologiyalar milliy instituti qoshida tashkil etilgan dastur ishlab kelmoqda. Dastur doirasida amalga oshirilayotgan faoliyatning 60 foizidan 80 foizigacha bo‘lgan qismi Lean va tejamkor ishlab chiqarishni tatbiq etishdan iborat. Bunda, davlat va xususiy biznes quyidagi tartibda o‘zaro hamkorlik qiladi.
 
Deyarli har bir shtatning turli shaharlarida bir nechta ofislar bo‘lib, ularning byudjeti uch qismdan shakllantiriladi. Odatda, ular teng ulushda federal byudjet, shtat byudjeti va konsalting xizmatini oluvchi korxona tomonidan moliyalashtiriladi. Buning natijasida, korxonalar uchun bunday xizmatlar uch barobar arzonga tushadi. Ushbu dastur o‘rta va kichik biznes korxonalari uchun mo‘ljallanganligi ham e’tiborga molik.
 
Yana boshqa bir misol. 1991 yilda AQShning aerokosmik sohasida xususiy biznes va davlat hamkorligidagi tarmoq uyushmasi tashkil etilib, unga hukumat tarafdan Mudofaa vazirligining aviatsiya va harbiy dengiz kuchlari departamentlari kirgan. Mazkur uyushma yuqorida ko‘rsatilgan misoldagi kabi faoliyat ko‘rsatadi. Undan birgina farqi shuki, moliyalashtirishda mahalliy byudjetlarning mablag‘lari ishtirok etmaydi va asosiy mablag‘lar federal byudjetdan kelib tushadi.
 
Buyuk Britaniyada ham Sanoat vazirligi qoshida Lean uslublarining tatbiq etilishini davlat byudjeti tomonidan moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlovchi hamkorlik tashkiloti mavjud. Bu tuzilma dastlab avtokomponentlar ishlab chiqaruvchilarini rivojlantirishga ixtisoslashgan edi. Chunki, Buyuk Britaniyada o‘z ishlab chiqarishlarini tashkil etgan Toyota, Mazda va boshqa kompaniyalar mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib berayotgan mahsulotlar sifatidan qoniqmagan edi. Hozirda, mazkur uyushma faoliyatining 90 foizi Lean dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
 
Shunga o‘xshash tizimlar rivojlanayotgan davlatlarda, masalan, Hindistonda ham bor. Qozog‘istonda bunday dastur 2009 yildan beri ishlab kelmoqda. 2013 yildan boshlab esa, Qozog‘istonda Lean va Kayzen texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha maxsus Davlat dasturi qabul qilingan bo‘lib, mazkur texnologiyalarni korxonalarga tatbiq qilish bo‘yicha xarajatlarning 50 foizi davlat tomonidan to‘lanishi belgilangan. Bundan tashqari, Industriya va yangi texnologiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqarish korxonalari rahbarlarini Kayzen va tejamkor ishlab chiqarish texnologiyalariga o‘qitish uchun 1 mln. AQSh dollari atrofida byudjet mablag‘lari ham yo‘naltirilgan.
 
Rossiyada esa, Lean texnologiyalari xususiy biznes bilan bir qatorda, davlat korporatsiyalarida ham keng qo‘llanmoqda. «Rosatom» va «Rossiya temir yo‘llari» davlat korporatsiyalari, «KAMAZ», «Irkut» kabi kompaniyalar tejamkor ishlab chiqarishni tatbiq qilishda salmoqli natijalarga erishdilar. Hozirda, Rossiya kompaniyalarining 10 foizidan ko‘pi o‘z kundalik faoliyatlarida Lean uslublarini qo‘llab kelmoqda. Bunda, ishlab chiqarishni maqbullashtirish uslublarini qo‘llash bo‘yicha «Rosatom» korporatsiyasi eng faol o‘rinni egallab, Lean uslublari asosida «Rosatom»ning ishlab chiqarish tizimi yaratildi va bu tizim sohadagi barcha korxonalarga tatbiq qilinmoqda.
 
Lean texnologiyalariga misollarning ko‘pchiligi va ularning tatbiq qilish natijalari bir biriga juda o‘xshash. Chunki, bu har doim mehnat unumdorligining keskin oshishi, yuqori iqtisodiy samaradorlik va mahsulot sifatining yaxshilanishi bilan namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston tajribasi
 
Yurtimizda 2009 yildan boshlab O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda «Kayzen» tizimlarini tatbiq etish loyihasi amalga oshirilgan. Shuningdek, O‘zbek-Yapon Markazi (UJC) ham 2016 yilga qadar Savdo-sanoat palatasi bilan birga ushbu tizimni tatbiq qilishda hamkorlik qilgan. 
 
O‘zbekiston Savdo sanoat palatasining Tadbirkorlik asoslariga o‘qitishni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Aziz Haqberdiyev bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur loyiha doirasida ko‘plab seminarlar tashkil etilib, ularda 100 ortiq sanoat korxonalarining vakillari ishtirok etgan, tejamkor ishlab chiqarish tizimi prinsiplari 13 ta korxonaga amalda tatbiq etilgan va konsultantlar tomonidan 16 ta tijoriy loyihalar amalga oshirilgan.
 
Dasturni amalga oshirish jarayonida faoliyat olib borgan konsultantlar tomonidan O‘zbekistondagi sanoat korxonalarining asosiy muammolari sifatida ishchilar mehnatining foydali koefitsentining pastligi, xodimlarda behuda harakatlarning ko‘pligi (misol uchun, ish joyidan omborxonaga borish yoki ishlab chiqarish vositalari o‘rnatilgan joylarning bir-biridan uzoqligi v.hk), ishlab chiqarishda ishlatilmaydigan uskunalarning keragidan ortiq hajmdagi ekanligi, muammolarni tezkor aniqlash tizimining yo‘qligi, sifat bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatilgan.
 
Yuqorida qayd etilgan o‘zaro hamkorlik loyihasi doirasida 2014 yilda Kayzen uslubini ommalashtirish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Kayzen Markazi tashkil etish, respublikaning oliy o‘quv yurtlarida o‘quv dasturlarini kiritish, o‘quv seminarlarini o‘tkazish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan. Biroq, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va O‘zbek-Yapon markazi loyihalarining amalga oshirish muddatlari yakuniga yetganligi sababli, Tejamkor ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish ishlari oxirgi paytda to‘xtab qolgan. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasiga muvofiq milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishdagi eng muhim vazifalardan biri etib, prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o‘zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash vazifasi qayd etilgan.
 
Biz shuni yaxshi anglashimiz kerakki, bugungi kunda Yevropa, Rossiya, Xitoy kompaniyalari bilan faqatgina Tejamkor ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini yurtimizdagi barcha korxonalarga keng tatbiq etgan holda mehnat samaradorligini oshirish va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga raqobatlashish mumkin. 
 
Buning uchun esa, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi:
 
- iqtisodiyot fanlari olimlari va tajribali mutaxassislarni Kayzen va Lean uslublarni respublikamiz sharoitidan kelib chiqqan holda amaliyotga keng tatbiq etish bo‘yicha ilmiy izlanishlarga markazlashgan ravishda jalb etish;
 
- Tejamkor ishlab chiqarish prinsiplarini respublikamizdagi barcha sanoat korxonalariga tatbiq etilishi bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish;
 
- Innovatsion rivojlanish vazirligi yoki O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzurida «Tejamkor ishlab chiqarish tizimlari Markazi»ni tashkil etish;
 
- Tejamkor ishlab chiqarish uslublarining tatbiq etishga ixtisoslashgan chet-el konsalting kompaniyalarini jalb qilish;
 
- mazkur uslublarni korxonalarga sifatli ravishda tatbiq eta oladigan mahalliy konsalting kompaniyalar tizimini yaratish;
 
- samaradorlikni oshirish prinsiplarini korxonalarga tatbiq etishda AQSh va Buyuk Britaniya tajribasi asosida, konsalting xizmatlarining ma’lum qismini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash mexanizmini yaratish;
 
- yangi uslublarni tatbiq qilib, o‘z samaradorligini oshirishga harakat qilayotgan korxonalarga davlat ko‘magini berish usullaridan foydalanish;
 
- mazkur uslublarni muvaffaqiyatli tatbiq etgan korxonalarning tajribasini keng targ‘ib qilib, uni boshqa korxonalarga ham yoyish;
 
- barcha darajadagi ishlab chiqarish subyektlari (shu jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari) rahbarlarini tejamkorlik prinsiplari asosida uzluksiz takomillashtirish falsafasini tushunib yetishi va muammolarni yechish instrumentlariga o‘qitishni tashkil etish. Bunda, o‘quv jarayonlarini moliyalashtirishda davlat mablag‘larining ajratilishini ham ko‘zda tutish;
 
- yangi uslub qo‘llanilishi boshlangan korxonalarni keyinchalik ham mahalliy konsultantlar tomonidan ko‘mak bergan holda kuzatib borish va loyihalarning bosqichma-bosqich rivojlantirilishini ta’minlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
 
 
Anvar Pirmatov,
«O‘zagrotexsanoatxolding» AJ 
aksiyadorlar bilan korporativ 
munosabatlar bo‘limi bosh mutaxassisi.

Поделиться