O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov va “Baker & McKenzie” (AQSH) yuridik firmasining katta partneri Tomas Fayerston o‘rtasidagi uchrashuv
2018-04-03 | Jamiyat
2018 yilning 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Baker & McKenzie” (AQSH) yuridik firmasining katta partneri Tomas Fayerston bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad huquqiy sohada qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga (BST) qo‘shilishi borasida o‘zaro xamkorlikni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish edi.
Xususan, muhokamalar davomida quyidagilarga e’tibor qaratildi:
- “Baker & McKenzie” yuridik firmasi bilan birgalikda xuquqshunoslar, auditorlar, davlat organlari va xususiy sektorning turli sohalaridagi vakillari ishtirokida “komplayens” (ing. sompliance) masalalari bo‘yicha trening o‘tkazish;
Ma’lumot uchun: “komplayens” tashkilotda mavjud nazorat tizimining bir qismi bo‘lib, qonun hujjatlari, nazorat organlari, sanoat birlashmalari talablari, axloq kodekslari va boshqa shunga o‘xshash qoidalarni bajarmaslik xavf-xatarlari bilan bog‘liqdir. “Komplayens” sohasidagi qonunlar, talablar va standartlar odatda bozor munosabatlarining tegishli standartlariga rioya qilish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, mijozlarga adolatli munosabatda bo‘lish va mijozlarga maslahat berishda vijdonli yondashuvni ta’minlash kabi masalalarga taalluqlidir.
- vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning BSTga azo bo‘lishining huquqiy jihatlarini muhokama qilish;
- “Baker & McKenzie” bilan hamkorlikda yuridik kadrlar uchun xalqaro arbitraj masalalari bo‘yicha kurslar va amaliyot o‘tashni tashkil etish;
- O‘zbekistonda tijorat va investitsiya nizolarini hal etish bo‘yicha xalqaro arbitraj institutining ochilishi salohiyatini o‘rganish hamda arbitraj qoidalarini ishlab chiqish;
- Toshkentda “Baker & McKenzie” ofisini ochish.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston bozorini rivojlantirishiga, shu jumladan huquqiy sohani mustahkamlashga xizmat qilishi haqida yakdil fikrga keldilar.