O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eng ishonchli do‘st
2018-04-03 | Jamiyat
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2 aprel –Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishning muhim omillaridan biri sifatida bolalar kitobxonligini, ularning badiiy adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentabrdagi kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjatga muvofiq, ijtimoiy ahamiyatga ega kitoblar, ayniqsa, bolalar uchun adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kitob mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob do‘konlari faoliyatini rivojlantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, ta’lim maskanlari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Ma’naviyat xonalari”ni o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan ko‘plab ko‘rik-tanlovlar, aksiyalar, ijodiy-ma’rifiy loyihalar, viktorinalar o‘tkazilayotgani bolalarning o‘qishga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirishga, ular ongida yaxshi kitob eng ishonchli do‘st ekaniga oid fikrni mustahkam qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda bolalar yozuvchi va shoirlarining ijodi, yurtimizdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarining bolalar adabiyotini ommalashtirish va targ‘ib etish bo‘yicha faoliyati, chop etilayotgan yangi asarlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA