O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xo‘ja Nasriddin barchani Buxoroga chorladi
2018-04-03 | Madaniyat
1-aprel kuni erta tongdan Buxoro shahrining markaziy ko‘chalari odatdagidan gavjum va o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Boisi, ko‘hna Ark qo‘rg‘onidan boshlanib, Labi Hovuz majmuasi va uning atrofini qamrab olgan hududda “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tdi.
Karnay-surnay sadolari ostida boshlangan tantanali bayramda milliy liboslar kiygan minglab festival ishtirokchilari qariyb bir yarim kilometr masofa yo‘l bosib, barchani Buyuk ipak yo‘li chorrahasida o‘tayotgan qadimiy shahar shodiyonalariga chorladi.
Buxoro nafaqat me’moriy obidalari, balki nomoddiy madaniy merosi, o‘ziga xos milliy an’analari bilan ham dovrug‘ qozongan. Binobarin, hududga sayyohlarni jalb qilish imkoniyatlari keng bo‘lib, ulardan samarali foydalanish ahamiyatlidir.
Xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, yosh avlod o‘rtasida xalq tomoshalari, ayniqsa, kulgu tomoshalari, folklor, hajviy qo‘shiqchilik, tasviriy va amaliy san’at an’analarini, xalq og‘zaki ijodi qahramonlari sanalmish Nasriddin Afandi, Mulla Mushfiqiy, Yortiquloq kabi donishmandlarning zukkolik, hozirjavoblik fazilatlarini targ‘ib qilish, sayyohlarga Buxoroning turizm yo‘nalishidagi imkoniyatlarini namoyish etish, shu orqali xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi 2017-2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ark qo‘rg‘oni old maydoni, “Toqi Sarrofon”, “Toqi Telpakfurushon”, “Toqi Zargaron” savdo majmualarida turli tadbirlar, dor o‘yinlari, Oshiq daroz va Ma’shuq tannoz timsollari hamda xalqona uslubdagi Chodirxayol masxarabozlik tomoshalari shaharliklar va mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Ko‘kaldosh madrasasida viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasining chiqishi namoyish etildi, Buxoro san’at muzeyi yonidagi maydonda amaliy va badiiy hamda hajviy rasmlar ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
Bugungi kunda vohada o‘ndan ziyod folklor-etnografik ansambllar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning festivallardagi chiqishi hududning o‘ziga xos etnografik qo‘shiqlari, urf-odatlarini ko‘z-ko‘z etdi.
“Nasriddin Afandi” tomoshalarining asosiy qismi Nodir Devonbegi madrasasi old maydoni va Xo‘ja Nasriddin haykali o‘rnatilgan bog‘ o‘rtasida o‘tkazildi. Bu yerda Buxorodagi “Afandi ShAY” qiziqchilar guruhi, poytaxtdan kelgan kulgu ustalari, vodiylik askiyachilar va yosh havaskorlar ijrosidagi ichakuzdi hangomalar, qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan tomoshalar xalqimizning betakror kulgu san’ati imkoniyatlari namoyishiga aylandi.
Tomoshabinlar orasida xorijlik mehmonlar ham ko‘pchilik.
– Xo‘ja Nasriddin haqida juda ko‘p eshitganman, – deydi italiyalik sayyoh Klavdiya Rossi xonim. – Mana shu maydonda o‘rnatilgan samimiy chehrali, quvnoq va haqgo‘y Xo‘ja Nasriddinning haykalini ko‘rdimu, u haqdagi ajoyib latifalar esimga tushdi. Qiziqchilarning chiqishini tilmochlar tarjima qilib berganida miriqib kuldim. Xalqingizning og‘zaki ijodi boyligiga qoyil qoldim.
Tadbir davomida tomoshabinlar orasida Buxoro davlat universiteti professori, nemis tili bo‘yicha mutaxassis Sano Saidovni uchratib qoldik.
– Donishmand, har qanday vaziyatdan topqirlik bilan chiqa oladigan Nasriddinni G‘arb ahli ham yaxshi biladi, – deydi olim. – Masalan, Germaniyada u haqdagi latifalarni ko‘pchilik sevib o‘qiydi. Buni ancha yillar oldin mening muharrirligimdagi “Afandi latifalari” kitobi Germaniyada bosilganida bilgan edim. Bugungi festivalda namoyish qilingan Nasriddin Afandi to‘g‘risida, shuningdek, boshqa milliy hajviy filmlar ham madaniy merosimizni sayyohlar o‘rtasida targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizga kelgan xorijliklarni milliyligimizning ajralmas qismi bo‘lgan taomlar juda qiziqtiradi. Bu “Sharq taomlari” festivalida ham namoyon bo‘ldi. Tadbirda viloyat oshpazlari o‘z mahoratini namoyish etib, ular tayyorlagan turli taomlar, ayniqsa, palov mehmonlarga xush yoqdi.
Festivalda Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi xodimi Masanobu Miyaxara faqat mehmon sifatida ishtirok etgani yo‘q. Uning tokiocha sushi taomini tayyorlashda pazanda ekaniga tatib ko‘rganlar tan berdi.
Tadbirda turli shirinliklar, qandolat va karving san’ati bo‘yicha ko‘rgazma va mahorat darslari namoyish etildi. Mohir qiziqchilar, rassomu oshpazlar va o‘z ishining ustalari orasida aniqlangan g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Festival katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
Erkin Yodgorov, O‘zA