Chetdan turib qo‘shni xonadonga tinchlik olib kirish mushkul...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda hamon aks sado bermoqda. Xususan, bu haqida xorijliklar ham o‘z mulohazalarini e’lon qilishmoqda.
«Shavkat Mirziyoyevning Janubga murojaati - bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biri», - deb ta’kidladi feysbuk sahifasida Yevroosiyo va Rossiya bo‘yicha amerikalik ekspert Stiven Frederik Starr.
U Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar hamda O‘zbekiston prezidentining tinchlikparvar tashabbusi haqidagi fikrlarini ham keltirgan. Xususan, u chetda turib qo‘shni xonadoniga tinchlik olib kirish mushkulligini o‘zicha talqin qiladi: "Biroq faqat derazadan qaragan bilan ish bitmaydi, bu xavfli va muvaffaqiyatsiz. Oldinga qarash kerak. Mening fikrimcha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi - Janubga murojaat - bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biridir".