O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy: Toshkent konferensiyasi afg‘on xalqi orzusi ushalishida muhim ahamiyat kasb etadi
2018-03-30 | Siyosat
Yangilanish, hamjihatlik va bag‘rikenglik bayrami – Navro‘z ayyomi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Afg‘onistonning birgalikdagi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir ahamiyati xalqaro ekspertlar, xorijiy mamlakatlar rasmiylari tomonidan yuqori baholanmoqda.
Qatar Tashqi ishlar vazirligining maxsus vakili Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy Toshkent xalqaro konferensiyasi haqidagi fikrini O‘zA muxbiriga gapirib berdi.
– Afg‘on xalqi uzoq yillardan buyon intiq kutib yashayotgan, tinchlikparvar siyosat tarafdori bo‘lgan davlatlarni tashvishga solib kelayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytamiz, – dedi Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy. – Toshkentga kelgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari – barchamiz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.
O‘zbekiston Prezidenti konferensiyadagi nutqida Afg‘on muammosining asl sabablarini, uni hal etish yo‘llarini dadil fikrlar bilan ochib berdi. Ta’kidlanganidek, xavfsizlik yagona va bo‘linmas. Yer yuzining qaysi joyida bo‘lsin, noxush holatlar, urush-janjallarning oldini olmasak, mudhish xato qilgan bo‘lamiz. Hamjihat bo‘lib, birgalikda xavf-xatarlarning oldini olishga esa barchamizda kuch topiladi.
Janob Prezident to‘g‘ri aytdi – Afg‘onistonda urush davom etar ekan, nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotiga ham xavf kuchayib boraveradi. Shu bois barchamiz Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal etishning umumiy bir yechimi tezroq topishimiz nihoyatda zarur.
Prezident ma’ruzasiga xalqaro hamjamiyat katta ishonch bildirmoqda va unda ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirishda barcha davlatlarni jipslashtirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.
Toshkent konferensiyasi Afg‘on muammosini hal etish tarafdori bo‘lgan, bunga qudrati yetadigan davlatlarni taklif qilgani, ularni birlashtirgani bilan ahamiyatlidir.O‘ylaymizki, bu tinchlik va hamjihatlik tadbiri yaqin kelajakda afg‘on xalqining osoyishtalik haqidagi ko‘p yillik orzulari ushalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri Ulug‘bek Asrorov yozib oldi