O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ixtiyor Abdullayev: Davlat xafsizligini ta’minlash borasida muhim huquqiy asos yaratildi
2018-03-30 | Jamiyat
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi:
- Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekistonni rivojlantirishga oid Harakatlar strategiyasi jamiyatimiz barcha sohalarida yangi islohotlar amalga oshirilishiga zamin yaratdi.
Bu jarayonda, albatta, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, yurtimizni nafaqat tashqi, balki ichki tahdidlardan himoya qilish dolzarb vazifalardandir. Ana shunday omillarning mavjudligi xavfsizlikni ta’minlash sohasini takomillashtirishni taqozo etdi. Shu maqsadda Davlat xavfsizlik xizmati faoliyati takomillashtirildi.
Ayrim bizga yaqin bo‘lgan davlatlardagi beqarorlik, terrorchilik harakatlarning faollashgani, jangarilar safida bo‘lgan hamyurtlarimizning qaytib kelishi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilgani tufayli kirib kelayotgan odamlar ko‘paygani, ular orasida yomon niyatli kimsalar ham uchrayotgani, ular bilan diniy ekstremik ruhdagi adabiyotlarning kirib kelayotgani ma’lum xavflar hamon mavjudligini ko‘rsatmoqda. E’tiqod erkinligini ayrimlar noto‘g‘ri tushunib, turli oqimlarga kirishga harakat qilayotganida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zini muxolifat sanab yurgan ayrim kuchlarning faollashuvi, faoliyatlarini qonuniylashtirishga intilayotgani zamirida mamlakatga kirib, undagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan harakat mavjud.
O‘zbekistonning boshqa davlatlar hududida mehnat qilayotgan fuqarolari ko‘p hollarda turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushayotgani xavfli holatlardan biri. Xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan insvestitsiyalarning barchasini ham foydali, deb bo‘lmaydi. Bularning hech biri e’tiborimizdan chetda qolmasligi kerak.
Aytish o‘rinliki, 26 yil mobaynida milliy xavfsizlik xizmati faoliyati qonun asosida tartibga solinmagan edi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-martdagi farmoni bilan Davlat xavfsizlik xizmati tashkil etilib, uning faoliyatiga oid qonun qabul qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu asosda tayyorlangan sohaga oid yangi qonunda Davlat xavfsizlik xizmatining asosiy vazifalari belgilandi. Deputatlar tomonidan manfaatdor idora va tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan qonunda xizmatning barcha faoliyat yo‘nalishlari aniq belgilangan. O‘z navbatida, xizmatning vakolat va vazifalarining aniq chegaralari ham qonunda o‘z ifodasini topgan.
Qonun asosida xizmat xodimlari mamlakatimiz konstitutsiyaviy tuzumi hududiy yaxlitligi, boshqaruv tizimidagi davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashadi. Yuqori lavozimdagi shaxslar, uyushgan jinoiy guruhlarning korrupsiyaviy harakatlari, noqonuniy davlat xaridlari, tizimli korrputsion jinoyatlarga barham berish, ularning oldini olish borasida izchil faoliyat yuritadi.
Qonun davlat xafsizligini ta’minlash borasida davlat xavfsizlik xizmatining barcha vazifalarini bajarishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.