O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ne’matilla Yo‘ldoshev: Qachongacha hayotimizda uchrayotgan muammolarni qayd etish bilan shug‘ullanamiz? Ularning yechimi uchun amaliy harakat qilishimiz kerak.
2018-03-30 | Jamiyat
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat raisi Ne’matilla Yo‘ldoshev mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida keyingi paytda amalga oshirilgan ishlar nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘layotganini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afg‘onistonda tinchlik va mintaqada barqarorlik o‘rnatishga oid Toshkent konferensiyasi o‘z ahamiyati va ko‘lami bilan jahon jamoatchiligi e’tiborini tortdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi rivojlanish strategiyasi to‘g‘ri tanlanganini anglatadi. Bu jarayonda mavjud muammolarni hal etish, qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlashga qaratilgan izchil ishlar O‘zbekistonni yangi qiyofadagi demokratik davlat sifatida namoyon qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tubdan takomillashtirildi. Ularning faoliyati xalq xizmatiga safarbar etildi.
Bu odamlarning munosib sharoitda yashashiga, huquq va manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida, fuqarolarning fikrlashi ham bugungi kun talabiga mos tarzda o‘zgarib, ularning o‘z huquqlarini talab qilib vakolatli davlat organlari murojaat qilishi keskin o‘sdi.
Shiddat bilan kechayotgan islohotlar samaradorligi ortishi, mummolar yechim topishiga hissa qo‘shish bizning ham muhim vazifamizdir. Shu bois Senat a’zolari e’tiborini sustkash ishlashga barham berish zarurligiga qaratmoqchiman.
Davlat dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi, xususan joylarda kichik sanoat zonalari barpo etishga oid topshiriqlar bajarilyapdimi? Afsuski, o‘rganishlarda bu boradagi qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bunga ko‘proq banklar tomonidan vaqtida kredit mablag‘larining ajartilmayotgani, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kabi tashkilotlarning zimmasidagi mas’uliyatni lozim darajada bajarmayotgani sabab bo‘layotir.
Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning 30 foizi bajarilmagan. Boisi bunday dasturlar uchun ajratilishi zarur bo‘lgan kreditning 40-50 foizi berilgan, xolos.
Xalq hayoti, farovonligi bilan bog‘liq dasturlar ijrosi borasida senatorlar va deputatlarning loqaydligini ham oqlab bo‘lmaydi.
Senat raisi o‘z so‘zida shifokorlar, fan o‘qituvchilari yetishmayotgani, bu kabi muammolarga barham berish bilan bog‘liq mulohazalarini ham bayon etdi.
Biz qachongacha muammolarni qayd etish bilan shug‘ullanamiz? Ularning yechimi yuzasida amaliy ishlar qilishimiz kerak.
Yangi maktablar qurish talab darajasida emas. Ta’lim sifatining yomonlashayotganiga, yosh avlodni kitob bilan ta’minlashdagi sustkashlikka baraham berilishi kerak.
Aholi qiynayotgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridagi ahvol ham e’tibordan chetda qolmadi. Ushbu maqsadda tashkil etilgan agentlik muammolarni uzil-kesil hal etish bo‘yicha samarali ish olib bormayotgani tanqid qilindi.
Joylarda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashda hamon kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Bundan tadbirkorlik subyektlari ham aziyat chekmoqda. Aholini suyultirilgan tabiiy gaz bilan ta’minlashda oqsoqlik bor. 2017 yilda aholiga ajratilishi kerak bo‘lgan suyultirilgan gazning bor-yo‘g‘i 50 foizi yetkazib berilgan.
Joylardagi magistral yo‘llar va ichki yo‘llarning ahvoli ham talabga javob bermaydi.
Jinoyatchilikka qarshi kurshish umumxalq harakatiga aylandi. Jinoyatchilik 2017 yilda 16 foizga, joriy yilning o‘tgan davrida 41 foizga kamaygan. Biroq, joylarda, masalan Samarqandda qotillik, Toshkent viloyatida o‘g‘rilik, Buxoro viloyatida bosqinchilik sezilarli darajada oshgan.
Fuqarolarning o‘z joniga qasd qilishining oldini olishga qaratilgan ishlar tufayli bunday holatlar kamaygan bo‘lsa-da, bunday holatlar Samarqand, Qoraqalpog‘istonda oshgan.
Giyohvandlar, ruhiy kasallarni majburiy davolash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Odam savdosi, axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etganlar orasida ayollar ko‘proq uchramoqda
Bunday holatlarga barham berish, xalqni oziq-ovqat bilan ta’minlash, ayniqsa g‘alla mo‘l bo‘lishiga erishish, aholining shaxsiy tomorqa yerlaridan oqilona foydalanishlarini ta’minlashga e’tibor kuchaytirilishi qayd etildi. Tomorqadan foydalanish bo‘yicha parlamant nazorati yo‘lga qo‘yiladi.