O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Soliq sohasi tubdan isloh etiladi

2018-03-30 | Jamiyat

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiya loyihasi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Unda ekspertlar, tadbirkorlar, xalqaro moliyaviy institutlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Bugun soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribadan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ochiq aytish kerak, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan saqlanib qolayotgan yuqori darajadagi soliq yuki, soliqlar turining ko‘pligi, ularning ma’muriyatchilik jarayoni murakkabligi iqtisodiyotimiz ravnaqiga to‘sqinlik qilmoqda. 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan soliq islohoti konsepsiyasi loyihasida ana shu g‘oyat dolzarb masalalarga muhim e’tibor qaratilgan. 

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Go‘zal Islomova, moliya vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Pak, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Musayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur konsepsiya bir qator muhim o‘zgarishlarni qamrab olgani haqida gapirdi.

– Soliq konsepsiyasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlarni, keng aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, ularga soliq ma’muriyatchiligida imkoniyatlar yaratishdir, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Musayev. – Bunda asosiy e’tibor ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan turli soliq yukini yengillashtirishga qaratilgan. Ulardan biri qo‘shimcha qiymat solig‘ini kamaytirish. Bugungi kunda deyarli barcha mamlakatlarda qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foiz etib belgilangan. Soliq konsepsiyasi loyihasida esa bu miqdor O‘zbekistonda 12 foizga tushirilishi belgilanmoqda. Asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochib berishdir. 

Bugun O‘zbekistonda 19 soliq turi mavjud. Endilikda soliqlar yukini kamaytirish, ularni soddalashtirish rejalashtirilmoqda.
 
– Bu konsepsiya tadbirkorlarga haqiqiy yordam bo‘lmoqda. Avvalo, qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi pasaytirilishi va yuridik shaxslarning deyarli barchasi shu soliq to‘loviga o‘tishi ahamiyatlidir, – deydi tadbirkor Zafar Hoshimov. – Qo‘shimcha qiymat solig‘i juda foydali soliq. Bu qiymat tug‘dirish zanjiri uzluksizligini ta’minlaydi, pirovardida, umumiy soliq miqdorini qisqartiradi. Hozirgi kunda respublikamizda mavjud yuridik shaxslarning faqatgina 3 foizi qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘laydigan tadbirkorlar hisoblanadi. Qolgan 97 foiz ishbilarmon doira vakillari yagona soliq tizimiga o‘tib ketgandi. Agar bunga iqtisodiy nuqtai nazardan qarasak, yalpi ichki mahsulotining ham qisqargan holda ko‘rsatilishiga va soliq to‘lanadigan bazaning kamayishiga olib keladi. Qolaversa, ko‘pgina yirik biznesmenlar qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan qochib, tashkilotini 3-4 yuridik qismga bo‘lib yuborgan edi. Konsepsiyada ana shu kabi omillarga jiddiy e’tibor qaratilgan.
 
O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari soliq to‘lashida katta tafovut yuzaga kelgan. Bugungi kunda kichik biznes subyektlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 50 foizdan oshadi. Biroq ularning soliqlar tushumidagi ulushi 7 foizdan sal ko‘proqdir. O‘z navbatida, mamlakatda ishga yaroqli aholi soni 13 milliondan ortiq. Davlat soliq organlari hisobiga ko‘ra, ulardan 5,7 million nafari rasman ishlaydi. Ya’ni daromad solig‘i to‘laydi. 

Tadbirda bu holatga alohida izoh berildi. 

Hozir ish beruvchi o‘z xodimiga, aytaylik, 1 million so‘m oylik beradigan bo‘lsa, barcha soliqlar qo‘shib hisoblanganda, jami 55 foizgacha soliq to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu tadbirkorga og‘irlik qiladi. Shu sabab, endilikda buni 25 foizgacha tushirish mo‘ljallanayapti. Bu, albatta, tadbirkorlarga yengillik yaratadi. 

O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi tahlili barcha tadbirkorlar uchun umumiy soliq yukini kamaytirishga xizmat qiladi. 
 
 
Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

Поделиться