O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
18-aprel - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni bo‘ladi
2018-03-30 | Jamiyat
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Ta’kidlanganidek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish, shuningdek xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini oshirish bo‘yicha samarali va sifatli yangi tizim shakllantirildi.
Ayni paytda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida 157 ming nafardan ortiq xodim va xizmatchi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, sadoqat bilan bajarilgan mehnatni rag‘batlantirish maqsadida qonunda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil etilgan kun – 18 aprelni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilanishi qonunda o‘z ifodasini topgan.