O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron do‘konning ish tartibi, auksion orqali xaridlar-yangi qonunda
2018-03-30 | Jamiyat
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi.
Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi M.Jumagaldiyev qonunda davlat xaridlariga oid asosiy tushunchalar hamda davlat xaridlari tizimining huquqiy jihatlari, asosiy prinsiplari ochib berilganini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilanib, unga davlat xaridlari bo‘yicha qator vakolatlar berilmoqda.
Elektron do‘kon orqali xarid qilish, elektron do‘konning ish tartibi va undan foydalanishga oid masalalar batafsil yoritilgan.
Auksion orqali xaridlarni amalga oshirishning barcha jarayonlarini tartibga soluvchi qoidalar aks etgan.
Davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni o‘tkazish mezonlarining aniq belgilab qo‘yilgani ham muhim ahamiyatga ega.
Bunda xarid komissiyasining faoliyati, tanlov va tender o‘tkazish uchun e’lonlar, ularda ishtirok etish uchun takliflarni berish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha shartnomalarni tuzish tartibi nazarda tutilgan. Davlat xaridlarida mamlakatimiz tadbirkorlik subyektlari uchun yengilliklar va ularni qo‘llash tartibi keltirilgani alohida e’tiborga molikdir.
Xarid qilish tartib-taomillarining davlat va jamoatchilik nazorati, shuningdek xaridlar samaradorligi va natijadorligining tahlili orqali davlat xaridlarini monitoring va nazorat qilishga ahamiyat berilgan.
Shuningdek, xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini ro‘yobga chiqarish vositasida amalga oshiriladi.