O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi boshlandi
2018-03-29 | Siyosat
Bugun, 2018-yil 29-mart kuni soat 10.00 da Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senati raisi N.Yo‘ldoshev ochdi.
Majlis kun tartibiga 20 masala kiritilgan. Shundan 13 tasi qonun bo‘lib, ular orasida yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”, yangi tahrirdagi “O‘rmon to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar bor.
Ikki kun davomida senatorlar qonunlardan tashqari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Markaziy bankning 2017-yildagi faoliyatiga doir hisobotini eshitadi.
Shuningdek, Adliya vazirining 2017-yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti muhokama qilinadi. Prezidentning ayrim farmonlarini tasdiqlash, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish hamda Senat kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqiladi.