O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Davlat tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2018-03-29 | Siyosat
2018-yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Hindiston Respublikasi Davlat tashqi ishlar vaziri Mobasher Javed Akbar bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Mobasher Javed Akbar Hindiston delegatsiyasi nomidan O‘zbekiston Hukumatini Afg‘oniston tinchlik jarayoni va mintaqamiz uchun Toshkent forumining muhim yakunlari bilan tabrikladi. Konferensiyada BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning yuqori darajali delegatsiyalari yig‘ilganligi qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil kuziga rejalashtirilgan Hindistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlikning amaliy jihatlari va oliy darajada bo‘lajak muzokaralar kun tartibiga asosiy e’tibor qaratildi.
Suhbat chog‘ida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining boshqa masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda Hindiston Elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.